Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel, juma kuni, koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda davlat rahbari karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari yanada qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

“Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga o‘tgan yili 50 million dollar mablag‘ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi. Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir”, — dedi Prezident.

Hunarmandlarga murojaat qilarkan, Prezident ularning mehnati, yangi-yangi tashabbuslari hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishini, shuningdek, tadbirkorlar, hunarmand va fermerlar, korxonalar rahbarlari berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerakligini ta’kidladi.

“Eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur”, — dedi Prezident.