Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilishda Prezident rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordami haqida to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekiston farzandi Alisher Burhonovich Usmonovga alohida rahmat demoqchiman. 20 million dollar pul o‘tkazib berdi. Yangi O‘zbekistonga birinchi kundan boshlab juda katta ko‘mak, yelkadosh, madadkor bo‘lyapti”, — dedi davlat rahbari.

“Shu kunlarda o‘zlari ham O‘zbekistonda. Qaysi davlatda koronavirusga qarshi yangi dori topilsa, xalqim uchun o‘zim pulini to‘lab olib kelib beraman, deb aytyapti. Shunday yordamlari uchun xalqimiz nomidan alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman”, — dedi Prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, Navoiy viloyatidagi klasterlardan birining rahbari kuni kecha O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga 500 ming dollar naqd pul olib kelgan. “Mana shu xalqimga, o‘zbek xalqimga, deb. Mana qanday farzandlarimiz bor”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Avvalroq milliarder Alisher Usmonov O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Mehr-shafqat va salomatlik” fondiga 20 million dollar o‘tkazib bergani, bu pullar Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi karantin uchun maxsus kasalxonani tibbiy asbob-uskunalarni ta’minlashga sarflanishi haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonovning Toshkentdagi uyida o‘z-o‘zini ijtimoiy izolyatsiya qilgan.