Ta’sirli filmlar ishlash bo‘yicha hamma ham Bollivud bilan tenglasha olmaydi. Har bitta hind filmi inson qalbidan chuqur joy oluvchi his-tuyg‘ularga to‘la. Quyida tomosha qilayotganingizda hislaringizni junbushga keltiradigan mashhur hind filmlari ro‘yxatini taqdim etamiz.

“Gohi shodlik, gohi g‘am”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Film 2001-yilda suratga olingan. Badavlat tadbirkor o‘z rafiqasi bilan Raxul ismli bolani asrab oladi. To‘qqiz yildan keyin Xudo ularning o‘zlariga ham farzand beradi. Unga Rohan deb ism qo‘yishadi.

To‘ng‘ich o‘g‘il kambag‘al qizga ko‘ngil qo‘yadi va ota-onasidan yashirincha unga uylanadi. U ushbu qilmishi bilan do‘stining qizini kelin qilmoqchi bo‘lgan otaning rejasini chippakka chiqaradi. Raxuldan ranjigan otasi uni merosdan mahrum qilib, uydan haydaydi. U rafiqasi bilan Londonga ketadi. Rohan otasi va akasi o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi…

“Suratkash”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

2019-yilda suratga olingan filmda ijtimoiy tabaqalanish muammosi ko‘rsatilgan. Filmning bosh qahramoni Rafi ismli suratkash, u o‘z kasbini juda yaxshi ko‘radi. U diqqatga sazovor maskanlar fonida suratga tushishni istagan odamlarga qarashni yoqtiradi.

Kunlardan bir kun buvisi uning to‘yini ko‘rgisi kelayotganini aytib qoladi. Yigit esa hali uylanmoqchi emas. Shunda u buvisining ko‘nglini xotirjam qilish maqsadida yaqinda tanishgan qizini qallig‘i sifatida tanishtiradi. Oradan vaqt o‘tib, yoshlar haqiqatan ham bir-birini sevib qoladi. Qizning badavlat oilasi esa ularning birga bo‘lishiga qarshi chiqadi.

 “Mening ismim Xon”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

2010-yilda suratga olingan filmda dinlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar insonlar hayotini qanchalik qiyinlashtirishi aks ettirilgan.

Rizvon Xon oila qurib, ishlash maqsadida Hindistondan Amerikaga ketadi. U bir muddat akasi va kelinoyisi bilan birga yashaydi. Rizvon Asperger sindromidan aziyat chekadi, atrofdagi odamlar buni xavotir bilan qabul qiladi. Biroq ushbu kasallik Rizvonga muhabbatini topishiga to‘sqinlik qila olmaydi. U Mandira ismli qizga uylanadi.

2001-yildagi teraktdan so‘ng Amerikada musulmonlarga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgaradi. Bu murakkab davrda Mandiraning farzandi vafot etadi. Shunda u Rizvondan AQSh prezidenti bilan uchrashib, unga familiyasi Xon ekanligi, biroq terrorchi emasligini aytishini so‘raydi.

“O‘tkinchi dunyo”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

2003-yilda ishlangan film hayot tashvishlari qalbida muhabbatga o‘rin qoldirmagan g‘amgin qizning hayoti haqida hikoya qiladi. Neyna otasining o‘limidan keyin oilasining barcha a’zolariga g‘amxo‘rlik qila boshlaydi.

Bir kuni uning hayotiga Aman ismli quvnoq va aqlli yigit kirib keladi. U Neynani sevib qoladi, qiz esa uni o‘ziga yaqinlashtirishga qo‘rqadi. Shunda Aman qizning qalbini zabt etish uchun uning do‘sti Rohitdan yordam so‘raydi...