AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun niqob taqish niyatida emasligini ma’lum qildi. Tramp buni mavqeyiga to‘g‘ri kelmasligi bilan izohladi, deb xabar beradi ABC News telekanali.

Foto: ABC News

“Bu shunchaki tavsiya. O‘zimni yaxshi his qilyapman. Shunchaki bu ishni qilishni istamayman. Kabinetda buyuk ‘Rezolyut’ stoli qarshisida niqob taqqan holda o‘tirib, prezidentlar, bosh vazirlar, diktatorlar, qirol va qirolichalarni qabul qilish… Bilmadim, bu men uchun emas”, — deydi Amerika yetakchisi.

Tramp keyinchalik o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkinligini ham ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, u koronavirus pandemiyasi tezroq tugashiga umid bildirgan.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi koronavirusdan himoyalanish maqsadida tibbiy bo‘lmagan materialdan tikilgan niqoblarni taqishni tavsiya etgan. Tramp ushbu tavsiyaga istalgan odam rioya qilish mumkinligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, tibbiy niqoblardan bemorlar bilan ishlayotgan shifokorlar foydalanishi kerak.

“So‘nggi tadqiqotlardan ma’lumki, kasallik belgilari bo‘lmagan odamlardan virus yuqishi epidemiya tarqalishida katta rol o‘ynamoqda. Shu munosabat bilan Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi sog‘liqni saqlashning qo‘shimcha ixtiyoriy chorasi sifatida yuzni tibbiy bo‘lmagan matolar bilan himoya qilishni tavsiya qilyapti”, — deydi Tramp.

Avvalroq Oq uy  prezident Tramp koronavirusga qayta test topshirganini ma’lum qilgan edi — unda koronavirus aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 277 mingdan oshib ketdi, virus oqibatida vafot etganlar soni 7152 kishiga yetdi. Oq uy ekspertlari koronavirus oqibatida 2,2 million amerikalik vafot etishi mumkinligini taxmin qildi.