Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik istiqbollarini hamda ushbu hamkorlikning mamlakat milliy manfaatlariga ta’sirini chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzildi.

Foto: “Daryo”

Senat matbuot xizmatining xabar berishicha, ishchi guruh hukumat tomonidan taqdim etilgan takliflar hamda mazkur masalaga oid boshqa materiallarni chuqur o‘rganadi, ularning keng muhokamasini tashkil qiladi va o‘zining xulosasini tayyorlaydi.

Bunda YeOIIga a’zo davlatlar tajribasi, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etish, hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishi, erkin savdo rejimining amaliyoti kabi qator istiqbolli imkoniyatlar batafsil va atroflicha tahlildan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq shunday ishchi guruh Qonunchilik palatasida ham shakllantirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishini mart oyining boshlarida ma’qullagandi. Endi tahliliy va kompleks baholash ishlari asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalari ko‘rib chiqishi kerak.