Qo‘lini kuniga o‘n martalab yuvib oqartirganlar, burnida niqobdan iz qolganlar, bolalarning to‘polonidan qulog‘iga paxta tiqqanlar, to‘rt devor orasida ovqatlanishdan, uxlashdan, kinodan va ijtimoiy tarmoqlardan xit bo‘lganlar uchun dayjestimizni boshladik.

O‘zbekistonni “o‘z uyi”ga aylantirgan koronavirus viloyatlarga yurish boshladi. Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus yuqqanlar mingtadan oshib ketdi, deb internetda dalilsiz xabar tarqatgan qashqadaryolik fuqaro o‘n kunga qamalgan edi. Koronavirus infeksiyasi aniqlangan 145-bemor Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi. U koronavirusdan vafot etgan ikkinchi bemorning jiyani bo‘lgan. Uning ota-onasi va muloqotda bo‘lganlarning hammasi nazoratga olingan. Ammo uning ota-onasida kasallik aniqlanmagan.

Bemorlarning qayerda ekani va yoshi haqidagi ma’lumotlar ham oshkor etildi. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning 146 nafari Toshkent shahrida, 27 nafari Farg‘ona viloyatida, 28 nafari Namangan viloyatida, 30 nafari Andijon viloyatida, 14 nafari Buxoro viloyatida, 13 nafari Xorazm viloyatida, uch nafari Qashqadaryo viloyatida va ikki nafari Navoiy viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanishmoqda.

Bemorlarning 120 nafari erkak, 143 nafari ayol bo‘lsa, shundan 13 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Yosh bo‘yicha taqsimot: 0-9 yoshgacha – 8 nafar; 10-19 yoshgacha – 10 nafar; 20-29 yoshgacha – 51 nafar; 30-39 yoshgacha – 63 nafar; 40-49 yoshgacha – 73 nafar; 50-59 yoshgacha – 40 nafar; 60-69 yoshgacha – 13 nafar; 70-79 yoshgacha — 5 nafarni tashkil etmoqda.

* * *

Bu haftada inqirozga qarshi choralarning ikkinchi paketi qabul qilindi. Ushbu choralar asosiy iste’mol tovarlaridan boj undirilmaslik; bolali oilalarga imtiyoz; yolg‘iz keksalar va nogironlarga yordam; turistik firmalar va karantinda to‘xtab qolgan tadbirkorlarga imtiyoz; turli soliq va yig‘imlar bo‘yicha yengilliklarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, prezident inqiroz davrida ham tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash to‘xtamasligini ta’kidlab, “bitta korxona faoliyatini to‘xtatishiga ham ‘favqulodda holat’ deb qaralishi kerak”, dedi.

* * *

30-mart kuni karantin davrida aholi harakatini cheklash uchun avtomobillar maxsus stiker asosida yurishi joriy etilishi ma’lum qilingan edi. Tartibga ko‘ra, juda zarur va kechiktirib bo‘lmas xizmat avtotransportlaridan tashqari barcha mashinalar harakati to‘xtatiladi. Stiker-ruxsatnoma olish bo‘yicha arizalar  qabuli 4-aprel kuni to‘xtatildi. O‘zbekiston bo‘yicha 23 546 ta ruxsatnoma berilgan, 81 241 tasi rad etilgan, 10 004 ta ariza oluvchilarning o‘zlari tomonidan qaytarib olingan.

Foto: “Koronavirus.info”

Stiker harakatlanishga imtiyoz hisoblangach, karantinni pisand qilmasdan mashina minish ishqibozlari har qanday qing‘ir yo‘l bilan ham stiker olishga kirishib ketdi. Kimdir ovqat eltish xizmatining kuryeriga “aylanmoqchi” bo‘lsa, boshqasi “kasal olib ketayotgan” roliga kirib harakatlanmoqchi bo‘ladi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov harakatlanish ruxsatnomasining suiiste’mol qilinishi javobgarligi va jarimasini teleefirda tushuntirib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, agar siz davlat tomonidan belgilangan toifadagi haydovchi bo‘lmasangiz, avtomobilda harakatlanmang. 6-aprel soat 6:00dan boshlab Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida skuter va velosipedda harakatlanish ham cheklanadi.

* * *

Xayr-saxovatli insonlar karantin vaqtida darhol ishga kirishib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘zga ko‘ringan blogerlar Dilshod Boltaboyev, Aqida Xonim, Abduvohid Atametov va boshqalar, shuningdek, Buxoroda “Biz birgamiz”, Qo‘qonda “Yelkama-yelka” aksiyasi faollari yuzlab muhtoj oilalarga eng zarur iste’mol mollari yetkazib bera boshladi.

Biroq 1-aprel kuni Respublika maxsus komissiyasi yakka tartibdagi xayriya aksiyalarida virus tarqalishi xavfi mavjud, degan xulosaga kelib, aksiyalarni to‘xtatdi. Komissiya xayr-ehson aksiyalarini markazlashtirilgan tartibda amalga oshirilishini belgilab qo‘ydi. Ehson qilingan mahsulotlar bir yerda yig‘iladi, sanitar-gigiyenik talablarga mosligi ko‘rikdan o‘tkazilib, karantin talablariga rioya qilingan holda tegishli oilalarga yetkazib beriladi.

Alisher Usmonov “Mehr-shafqat va salomatlik” fondiga 20 million dollar ajratdi. Bunga qadar DXXBosh prokuratura va MIB, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari koronavirusga qarshi kurash uchun o‘z maoshlarining bir qismini mazkur jamg‘armaga o‘tkazib bergan edi. “Quvasoysement” korxonasi esa jamg‘armaga 100 million so‘m ajratgan.

Sportchilarning xayriyalarini alohida ta’kidlash lozim. Futbolchi Otabek Shukurov birinchilardan bo‘lib qiyin ahvolda qolgan oilalarga 100 million so‘m ajratdi. Odil Ahmedovning aka-ukalari ham Namanganda muhtoj oilalarga yordamlashdi. Mirjalol Qosimov esa koronavirusga qarshi kurash uchun 75 million so‘m xayriya qildi.

Ko‘zga ko‘ringan shaxslar xayr-saxovatda faollik ko‘rsata boshlagach, darhol ko‘pchilik san’atkorlarni esladi va ularning ehsonda faol emasligini tanqid qilishga ham ulgurdi. Shundan so‘ng taniqli san’atkorlar koronavirusga qarshi kurashishga 350 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratgani aytildi.

* * *

Koronavirus “yuqmagan” xabarlarimiz ham bor. Dunyo bozorida neft narxi qariyb suv tekinga yaqinlashishi ortidan O‘zbekistonda dizel yonilg‘isi ham 300 so‘mga arzonladi. Azaldan dunyo bozorida neft narxi oshishi O‘zbekistonda na benzin, na dizel bahosiga ta’sir ko‘rsatgan. Biroq bu gal istisno bo‘ldi. Dunyo bozorida neft narxi deyarli uch barobar pasaygan bo‘lsa, O‘zbekistonda dizel 300 so‘mga arzonladi. Hattoki “O‘zbekneftgaz” narxlarni bosqichma-bosqich kamaytirib borishga va’da berdi.

Foto: “Daryo”

Yana bir koronavirussiz pozitiv xabarimizni o‘qing. Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini 10 million so‘m bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘tgan yili 7,5 million so‘mdan berilgan edi.

* * *

Ertadan, ya’ni 6-apreldan boshlab “o‘zini yakkalash” hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etiladi: shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi, ish joyiga borishi va kelishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno; harakatlanishda hamda savdo do‘konlari va boshqa joylarda ikki metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi; 65 yoshdan yuqori bo‘lgan va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat’iyan man etiladi. Aholi tashrif buyuradigan tegishli joylar zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish vaqtincha cheklanadi. To‘liq ma’lumot bu yerda.

* * *

O‘zbekistonning koronavirusga qarshi qat’iy chora-tadbirlarini ko‘pgina xalqaro nashrlar ma’qullamoqda. Xususan, AQShning Osiyo-Tinch okeani mintaqalari haqidagi nashri The Diplomat, Britaniyaning BBC saytlari bu haqda yozdi. Shuningdek, “Daryo” bu mavzuda fransiyalik siyosatshunos Emmanuel Dyupyui bilan suhbatlashdi.

Yaqindagina tashkil qilingan “Coronavirus.uz” sayti virus tarqalishi va choralar haqida tezkor axborot berib turibdi. Unda koronavirus tarqalish interfaol xaritasi, viloyatlar bo‘yicha bemorlar soni, onlayn test va boshqa zaruriy axborotlar mavjud. Sayt ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha virus yuqtirganlar 298, tuzalganlar 30 nafarga yetdi. Quvonarlisi, bu hafta virusdan vafot etgan o‘zbekistonlik yo‘q.

Daryo yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling. Eng asosiysi, uyda qoling, karantinga rioya qiling.