Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni vaqtda 100 mingdan ortiq fuqaro kuzatuv ostida ekanligini ma’lum qildi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: Telegram

“Ayni paytga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlarning soni 298 nafarni tashkil etdi. Keyingi kunlarda kasallik aniqlanayotgan bemorlarning barchasi statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tayotgan fuqarolarimiz orasidan aniqlanyapti. Statsionar va uy sharoitida 100 mingdan ko‘proq fuqaro tibbiy kuzatuv ostida turibdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyati bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 85 bemorning 22 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti. 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘ir, deb baholanmoqda. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 35 bemordan 1 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir, deb baholangan bemorlar intensiv-terapiya muolajalariga o‘tkazilgan”, — deydi Nurmat Otabekov.

Shuningdek, Respublika Bosh davlat sanitariya inspektori dunyo hamjamiyatida koronavirus kasalligi bo‘yicha vaziyat murakkabligicha saqlanib turganini ta’kidlab, fuqarolardan karantin tadbirlariga to‘liq rioya qilishni so‘ragan.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar soni 5-aprel Toshkent vaqti bilan soat 10:00 holatiga ko‘ra, 298 nafarga yetdi. Mamlakatda ilk kasallanish holati qayd etilganidan beri 25 nafar bemor sog‘aydi, ikki nafari esa kasallikdan vafot etdi.