Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 4-apreldagi yig‘ilishida belgilangan qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida, O‘zbekistonda 6-apreldan e’tiboran quyidagilarni nazarda tutgan holda “o‘zini yakkalash” hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etiladi:

  • shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va boshqalar) uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi, ish joyiga borishi va kelishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno;
  • harakatlanishda hamda savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi;
  • 65 yoshdan yuqori yoshda bo‘lgan va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat’iyan man etiladi.

Ushbu talablarni buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlikka tortilishi mumkin.

Avvalroq 1-apreldan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida “o‘zini yakkalash” (“samoizolyatsiya”) hayot tarzi joriy etilgani, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida 65 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qat’iyan man etilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda karantinning qachon tugashi noma’lum — karantin davrini tugatish Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Ayni vaqtda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga oziq-ovqat va dori-darmon karantin davri oxirigacha bepul yetkazib beriladi.