Armanistonning Tavush viloyatida O‘zbekiston fuqarosi koronavirusga chalingani aniqlandi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik erkak Armanistonga Bagratashen nazorat o‘tkazish punkti orqali kirgan yuk mashinasi haydovchisi hisoblanadi. Haydovchining harorati baland bo‘lgani sababli u darhol izolyatsiya qilinib, kasalxonaga olib borilgan.

Shuningdek, Qozog‘istoning Mang‘istov viloyati Aqtov shahrida vaqtinchalik yashayotgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosida 6-aprel kuni koronavirus aniqlangan. Ular Qizilo‘rda viloyatida koronavirusga chalingan shaxs bilan aloqada bo‘lgani aytilmoqda. Mazkur fuqarolar yashagan ko‘p qavatli uy karantinga olingan.

Avvalroq AQShda ikki nafar o‘zbekistonlikning koronavirusdan vafot etgani hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur ma’lumotni tasdiqlagani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, mart oyining oxirida Avstriyada ham O‘zbekiston fuqarosida koronavirus aniqlangan edi.