O‘zbekistonda hozirgacha aniqlangan 390 ta koronavirusga chalinish holatlarining 170 tasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Shuningdek, hozirgacha Farg‘ona viloyatida 64 nafar, Andijon viloyatida 61 nafar, Namangan viloyatida 48 nafar, Buxoro viloyatida 19 nafar, Xorazm viloyatida 18 nafar, Qashqadaryo viloyatida 6 nafar, Navoiy viloyatida 2 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar koronavirusga chalingan fuqaro aniqlangan.

Izoh: “Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan 64 nafar fuqaro aniqlandi”, degani ularning bari asli farg‘onalik ekanini anglatmaydi — hududlardagi bemorlarning katta qismi xorijdan O‘zbekistonga qaytarilgan vatandoshlar bo‘lib, ular orasida asli boshqa hududlardan bo‘lganlar ham bor (masalan, 31-mart holatiga Farg‘onada aniqlangan 26 bemordan faqat 9 nafari farg‘onalik edi). Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlarning aynan qaysi hududlarga mansubligi bo‘yicha ham alohida raqamlarni e’lon qilib kelmoqda, misol uchun, 6-aprel soat 12:00 holatiga 390 bemorning 24 nafari farg‘onalikdir.

“Ular hududdagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanmoqda. Bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro standartlar asosida davo muolajalari olib borilmoqda”, — deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda hozirgacha koronavirus infeksiyasi oqibatida ikki kishi vafot etdi, 30 kishi esa kasallikdan sog‘ayishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni vaqtda yetti nafar bemorning ahvoli og‘ir ekanligi, ulardan ikki nafari sun’iy nafas olish apparatiga ulangani ma’lum qilingan.