O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar 342 kishiga yetdi. Infeksiya bilan kasallanganlar soni so‘nggi bayonot berilganidan beri 32 kishi oshgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

“Oxirgi tasdiqlanganlarning barchasi statsionar sharoitda karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq 5-aprel Toshkent vaqti bilan soat 23:00 holati bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 12 nafarga oshib, 310 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida 85 bemorning 22 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilayotgani, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘ir deb baholanayotganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasidagi 35 bemordan 1 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 1 nafarining ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir deb baholangan bemorlar intensiv-terapiya muolajalariga o‘tkazilgan.

5-aprel, yakshanba kuni, mamlakatda ilk kasallanish holati qayd etilganidan beri 30 nafar bemor sog‘aygani ma’lum qilindi.

Аvvalroq Umra safaridan Turkiya orqali qaytgan namanganlik ayolning koronavirusga chalingan 72 yoshli onasi 27-mart kuni tongda infarktdan vafot etganikkinchi qurbon — Toshkentda istiqomat qilgan 39 yoshli shifokor. U kasalligini yashirib, o‘zini uyda davolashga uringan.

Shuningdek, Nyu-York shahrining Bruklin tumanida ikki o‘zbekistonlik — bir nafar erkak hamda bir ayol koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Jons Hopkins universitetining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 1,2 million kishidan oshib ketdi.