Keyingi ikki hafta mobaynida koronavirus infeksiyasini davolash imkonini beradigan preparatlar topilgani, yangi moddalarning klinik sinovlari boshlangani, ayrim preparatlarning tadqiqot-sinovlardan tashqari ham qo‘llashga ruxsat berilayotgani haqidagi axborot oqimi keskin ko‘paydi. Meduza e’lon qilgan bu boradagi tahliliy maqolani “Daryo” tarjima tariqasida taqdim etadi.

Ko‘p jihatdan bu boradagi bahslarning avj olishiga AQSh prezidenti Donald Trampning bezgakka qarshi vosita bo‘lmish gidroksixinolonning “tibbiyot tarixidagi eng yirik kashfiyotlardan biri” bo‘lishi ehtimoli haqidagi bayonoti sabab bo‘ldi. Trampning ushbu bayonotidan bir necha kun o‘tib, Rossiya tibbiyot-biologiya agentligi rahbari Veronika Skvorsova ham Rossiyada boshqa bir bezgak dorisi – mefxolinni sinab ko‘rish boshlanganini e’lon qildi. 1-aprel kuni esa Amerika oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) tomonidan bezgakka qarshi dorilardan klinik sinovlardan tashqari ham foydalanishga ruxsat berildi.

Foto: Scanpix

ENG AVVALO USHBU QISQA BOBNI O‘QIB CHIQING! O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN DAVOLANISH O‘LIMGA OLIB KELISHI MUMKIN!

Yuqoridagi singari xabarlarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini muhokama qilishdan oldin ushbu preparatlarning samarasi qanchalik darajada ekani, ularning davo mexanizmi mohiyati nimaga asoslanishi hamda boshqa murakkab, lekin qiziq jihatlari haqida so‘z yuritishdan ham avval favqulodda o‘ta muhim bo‘lgan quyidagi narsalarni fikr qilib olishimiz shart. Afsuski, ushbu oddiy, lekin favqulodda muhim mulohazalar axborot makonida avj olgan yuqoridagi singari shov-shuvli g‘ala-g‘ovur fonida yoddan chiqib qolmoqda.

  • 31-mart 2020-yil holatiga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasini davolashga qodir bo‘lgan, samaradorligi klinik sinovlar orqali tasdiqlangan va Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya qilingan birorta ham maxsus antivirus preparati mavjud emas!
  • Asoslovchi tibbiyot muayyan dorining samaradorligi va xavfsiz ekanini isbotlanishini tasdiqlashi kerak bo‘lgan klinik sinovlarni o‘tkazilishini talab qiladi. Bu esa ma’lum vaqtni oladi. Bu vaqt tadqiqotning qaysi bosqichda ekanidan kelib chiqib, bir necha oydan ikki yilgacha ham bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, koronavirus epidemiyasi faol tarqalayotganiga uch oy bo‘ldi xolos.
  • Agar biror preparat, vosita yoki terapiya usuli klinik sinovdan o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bu ushbu narsalarning haqiqatan ham samarali va xavfsiz ekanini belgilamaydi: klinik sinovlar aynan shuni aniqlash uchun o‘tkaziladi aslida.
  • Klinik sinovlar ba’zan natija bermaydi. To‘g‘rirog‘i, muvaffaqiyatli tugashdan ko‘ra ko‘proq natijasiz tugaydi.
  • Og‘ir holatlarda kasallikka qarshi maxsus dori yo‘q bo‘lgan taqdirda vrachlar kasallikning kechishiga oid umumiy tushuncha va dorilarning ta’sir mexanizmlaridan kelib chiqib, o‘zlari ma’qul deb bilgan dorilarni taxminan qo‘llab ko‘rishi mumkin. Bunday taxminiy ishning har biri xato bo‘lib chiqish ehtimoli mavjud. Lekin bu qaror xato bo‘lganini to‘laqonli klinik sinov yakuniga ko‘ra bilib olish mumkin xolos.
  • Ushbu matnda so‘z boradigan ko‘plab dori vositalarini Rossiyadan topishning iloji yo‘q.
  • Terapiyani (agar shunga zarurat bo‘lsa) faqat vrach buyurishi lozim.
  • Dorilarning ko‘pi – zahar.
  • O‘zboshimchalik bilan o‘z-o‘zini davolash o‘ta xatarli. COVID-19 infeksiyasini o‘zicha “profilaktika” qilishga urinish oqibatida shu paytgacha bir necha kishi vafot etdi.

Faqat yuqorida bayon etilganlarni qat’iy yodda tutgan holda virusga qarshi ta’sir qilishning ehtimoliy yo‘llari, uning hayot sikli, virusga qarshi preparatlarning ishlash mohiyati va mexanizmlari orasidagi farqlari hamda boshqa jihatlarini muhokama qilish mumkin. Alohida aytib o‘tamizki, ushbu ma’lumotlarning aksariyati istisnosiz ravishda faqat akademik jihatdan (ilmiy nuqtayi nazardan) ahamiyatli bo‘lib, fandan yiroq bo‘lgan ko‘pchilik oddiy aholi uchun umuman qiziq emas.

Hozirda COVID-19 terapiyasi bilan nimalar ro‘y bermoqda? Klinik tavsiyalar

Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda shifokorlar ilmiy maqolalar yoki klinik sinovlar natijasiga emas (lekin ular inobatga olinadi), balki Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga va milliy klinik ko‘rsatmalarga amal qilishadi.

Foto: Scanpix

Rossiya SSVning birinchi muvaqqat tavsiyalari 29-yanvardayoq e’lon qilingan edi va unda quyidagi vositalar ko‘rsatilgan: TOPC/SARS o‘tkir respirator sindromini davolashda qo‘llaniladigan antivirus preparati bo‘lmish – ribavirin; OIVga qarshi ingibitorlar bo‘lmish lopinavir va ritonavir hamda IFN-β1b rekombinatsiyalangan interferon bo‘lmish immunomodulyator.

Ushbu hujjatning, ya’ni SSV muvaqqat tavsiyalarining so‘nggi (to‘rtinchi) talqini 27-mart kuni yangilandi va unda endi ribavirin preparati ko‘rsatilmadi. Lekin boshqa tavsiyalarga qo‘shimcha ravishda endilikda ro‘yxatda bezgakka qarshi vosita bo‘lmish xloroxin va gidroksixloroxin ham ko‘rsatilgan bo‘lib, shuningdek, antitelalar asosidagi preparat bo‘lmish tolizumab ham qayd etildi.

Shu bilan birga, hujjatni ishlab chiqqan mualliflar shuni alohida qayd etganki, ko‘rsatilgan preparatlarning COVID-19 virusiga qarshi samaradorligini tasdiqlovchi obyektiv isbotlar mavjud emas, shu sababli ham ularni bemorga buyurish “bemorning ixtiyoriy roziligi asosida” yuritilishi lozim.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham COVID-19 borasidagi o‘z klinik tavsiyalarida “hozirda muayyan maxsus davolash turini tavsiya qilish uchun hech qanday isbotimiz yo‘q”, deya ochiq tan olgan. Lekin tashkilot mutaxassislari o‘tkazilayotgan terapiyaning barcha eksperimental usullarini diqqat bilan kuzatib bormoqda va tashkilotga a’zo mamlakatlardagi klinik sinovlar doirasida va undan tashqari holatlarda ham qo‘llanilayotgan preparatlarning yangilanib turuvchi ro‘yxati yuritilyapti.

Yuqorida qayd qilingan vositalar va ularning uyg‘unliklaridan tashqari Butunjahon SSTning mazkur ro‘yxatida, shuningdek, kortikosteroidlar, boshqa antiretrovirus preparatlari (retrovirus proteaz ingibitori darunavir hamda revertaz ingibitorlar emtrisitabin bilan tenofovir), sitostatiklar (ruksolitinib va baritsitinib), immunosupressorlar, interferonlarning boshqa turlari, grippni davolash uchun litsenziyalangan antivirus preparatlar (baloksavir, marboksil, favipilavir, arbidol/umifenovir) hamda yana ko‘plab moddalar ko‘rsatilgan.

Bir tomondan Butunjahon SST tomonidan nisbatan “istiqbolli” deb qaralayotgani va shu sababdan xalqaro klinik sinovlarga kiritilayotgani uchun, boshqa tomondan esa OAVda keng yoritilgani uchun nomi ovoza bo‘lib qolgan preparatlar haqida quyida so‘z boradi. Bular remdezivir, kaletra (lopinavir + ritonavir) hamda bezgakka qarshi preparatlar bo‘lmish – xloroxin va unga turdosh preparatlardir.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti boshchiligidagi birdamlik dasturi: to‘rt xil terapiya turi va to‘rt xil preparat.

18-mart kuni bo‘lib o‘tgan Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga oid navbatdagi majlisida tashkilot boshlig‘i Tedros Gebreyesus “Birdamlik” (Solidarity) nomi ostidagi xalqaro keng miqyosli klinik sinovlar loyihasiga start berilganini ma’lum qildi. Bu loyiha doirasida turli mamlakatlarda olib borilayotgan COVID-19’ga qarshi preparatlarning klinik sinovlariga taalluqli ma’lumotlarni yig‘uvchi infrastruktura shakllantiriladi.

Foto: Google Photos

Loyihaning g‘oyasi sinov jarayonlarini imkon qadar soddalashtirishga qaratilgan. Ma’lumotlarni yig‘ish jarayonida bemorlar yopirilib kelishi tufayli katta yuklama ostida qolgan, biroq unchalik ham ilg‘or holatda bo‘lmagan tibbiyot markazlari ham ishtirok etishi mumkin. Jarayonda kasallikni qayd etishga oid qog‘oz ishlari eng minimal darajaga tushiriladi.

Sciense jurnalida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu loyihadagi ma’lumot yig‘ish jarayonida bemor haqidagi axborotni Butunjahon SST saytiga kiritish hamda muassasada mavjud preparatlar ro‘yxati haqida xabar berishning o‘zi kifoya qiladi. Shuningdek, bemorning ma’lumotlari oshkor qilinishiga uning roziligi olingani haqidagi hujjatning elektron nusxasi ilova qilinadi.

Shundan so‘ng sistema ushbu bemorni biror eksperimental guruhga yoki plasebo guruhiga tasodifiy usul bilan qo‘shib qo‘yadi (plasebo guruhi bo‘lgan taqdirda, albatta, muassasaning o‘zida tegishli preparatlar mavjud bo‘lishi kerak deb shart qo‘yiladi, chunki ularni BSST keltirib bermaydi). So‘ngra bemorni davolash bilan shug‘ullangan shifokorlar terapiyaning yakuniy natijalari haqida ma’lumot berishi kerak bo‘ladi. Bunda bemorga javob berilgan vaqt va unga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilinishi taqozo etiladimi yoki yo‘q, albatta, bu haqida ham axborot berilishi shart.

18-mart kunining o‘zidayoq “Birdamlik” loyihasiga Argentina, Bahrayn, Kanada, Fransiya, Eron, Norvegiya, JAR, Ispaniya, Shveysariya va Tailand mamlakatlari qo‘shilgani ma’lum qilindi. Rossiya kasalxonalaridan ushbu loyihaga ma’lumot yuborilishi haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas. Ushbu maqolani e’lon qilish lahzasida ham hali Rossiya SSV bu boradagi so‘rovga javob bermadi.

Alohida qayd etish joizki, “Birdamlik” loyihasida faqat to‘rt xil terapiya usuli inobatga olinadi:

  • Remdezivir;
  • Xloroxin yoki gidroksixloroxin;
  • Lopinavir + ritonavir;
  • Lopinavir + ritonavir + β-interferon (IFN-β1b).

BSST aynan shularni nisbatan istiqbolli deb qaramoqda.

Xloroxin, gidroksixloroxin va boshqa bezgakka qarshi vositalar

Bu nima o‘zi? Xloroxin – tabiiy modda bo‘lmish xininga o‘xshash tarkibga ega bo‘lgan, bezgakni davolash uchun ishlatiladigan sun’iy olingan dori moddasi. Uni 1934-yilda nemis kimyogari Xans Andersag kashf qilgan. Gidroksixloroxin esa unga juda o‘xshash modda bo‘lib, u xloroxindan faqat ikkita atomga (OH gidroksil guruhining mavjudligi bilan) farq qiladi xolos.

Ularni qo‘llash 1955-yildan ma’qullangan. Mefxolin esa xinolinlar bilan aynan bir xil struktura asosiga ega bo‘lgan ftorli hosila bo‘lib, lekin u xloroxindan tamoman farq qiladi; mefxolinni 1970-yillarda AQSh harbiylari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, xinolinga nisbatan bezgak virusi barqarorlik hosil qilib olgach, (dori bemorga ta’sir qilmay qo‘ygach) amaliyotda qo‘llana boshlandi. Ushbu preparatlar bezgakni davolash uchun ancha eskigan, lekin hozirda ham qo‘llashga tavsiya qilinishi mumkin.

Foto: Google Photos

Ta’sir mexanizmi qanday? Ushbu dorilarning barchasi bezgakni davolash uchun ishlab chiqilgan. Biroq 2000-yillar boshidan beri olimlar ularning ikki xil qo‘shimcha ta’siri ham mavjudligi yuzasidan keng bahs olib bormoqda. Bu dorilarning ikki xil yordamchi ta’siri ularning keng antivirus effektiga egaligi va odam immun tizimiga ta’siri kuchliligi bilan bog‘liq. 2003-yildagi SARS virusi epidemiyasi avj olgan paytda Roberto Kauda boshchiligidagi italyan olimlari tomonidan xloroxinni koronavirusga qarshi ishlatish taklifi ilgari surilgan edi va uning virusga qarshi taxminan qanday ta’sir mexanizmlariga ega ekani bayon qilingandi.

Qisqasini aytganda, ushbu mexanizm taxminan quyidagicha ishlaydi: xloroxin hujayra ichidagi endosomaga kirib borib, uning pH ko‘rsatkichini o‘zgartiradi (bezgakda ham aynan shu narsa, faqat parazit hujayrasi – bezgak plazmodiyasi bilan ro‘y beradi). Shundan so‘ng endosomada ishlab turgan va faol ishlashi uchun muayyan barqaror kislotaviylik pH ko‘rsatkichi talab etiladigan fermentlarning faoliyati to‘xtaydi.

Ayrim viruslar hujayralarga aynan shu yo‘l bilan, endosoma hosil qilish orqali kirib oladi. Shu sababli ham xloroxin nazariy jihatdan ko‘plab viruslarning hujayraga kirib olishdan to‘sib qo‘ya oladi. Bunda u virus kira olishi uchun kerak bo‘ladigan fermentlarni ishdan to‘xtatib qo‘yadi. Biroq sanalgan barcha moddalarning antiviruslik xossasining molekulyar mexanizmlari hali aniqlanmagan.

Bundan tashqari, jarayonning mohiyatini anglashni qiyinlashtiradigan narsa shuki, ular immun tizimiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Immun tizimi esa virusli infeksiyalarda va  ayniqsa, o‘pkani sun’iy ventilyatsiyalash talab etilgan o‘tkir respirator distress sindromlarida eng hal qiluvchi asosiy rol o‘ynaydi.

Nima sababdan bu ish berishi mumkin? Xloroxin – tabletka ko‘rinishida ichish mumkin bo‘lgan oddiy va arzon dori (masalan, remdezivirdan farqli o‘laroq). Uning ham o‘ziga yarasha nojo‘ya ta’sirlari mavjud, umuman olganda, nisbatan xavfsiz deb qaraladi. Xloroxin in vitro tajribalarida, ya’ni laboratoriyada yetishtirilgan hujayra namunalarida SARS-CoV-1, MERS va SARS-CoV-2 koronaviruslarining hujayraga kirishini to‘sishni yaxshi uddalaydi. U avvalroq Chikugunya va Denge viruslariga qarshi ham shunday natijalarni bergan.

Nima sababdan bu ish bermay qolishi mumkin? Antivirus effekti yuzaga kelishi uchun ushbu moddaning anchayin katta konsentratsiyasi talab etiladi. Boz ustiga, uning model jonivorlardagi va tasodifiy bemorlardagi klinik sinovlari orqali o‘tkazilgan in vivo tajribalari Chikugunya va Denge viruslariga qarshi hech qanday ijobiy samara bermagan.

Yaqin Sharq respirator sindromi MERS virusiga o‘xshash virus bilan kasallangan sichqonlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda xloroxinning qo‘llanishi nisbatan oz-moz ijobiy ko‘rsatkich bergan; biroq shunga qaramay kasal sichqon qonidagi virus konsentratsiyasi ozaymagan. Odamlarda o‘tkazilgan sinovlarda esa xuddi shu preparat aks natija bergan: ya’ni qondagi virus konsentratsiyasi ozaygan, biroq bemorning o‘zida ijobiy o‘zgarish kuzatilmagan (tadqiqotlar turli guruhdagi bemorlar o‘rtasidagi sezilarli klinik belgilarga olib kelmagan).

Yana nimani bilish muhim? Trampning COVID-19’ga qarshi bezgak dorilarining qo‘llanishi haqidagi bayonotidan keyin mutaxassislar orasida ushbu bayonotda aytilgan samaradorlik haqidagi gapning aynan hozirgi vaziyatda qanchalik o‘rinli ekani borasidagi qizg‘in bahslar avj oldi. Sciense jurnalining fikricha, AQSh prezidentining ushbu gaplariga, eng avvalo, mashhur virusolog Didye Raul boshchiligidagi fransuz tadqiqotchilarining o‘tkazgan kichik tahlillari sabab bo‘lgan (Didye Raul birinchi navbatda ulkan mimiviruslarni kashf etgani va o‘ziga xos antidarvinizm g‘oyalari bilan mashhurdir).

Foto: Google Photos

Undan avvalroq Xitoy tomonidan o‘tkazilgan oz sonli tadqiqotlar natijalari ham e’tiborga olingan tahlilda 42 nafar bemorda kechgan kasallikning klinik belgilari yuzasidan olingan kuzatuv natijalari keltiriladi. Ulardan yarmiga gidroksixloroxin preparati azitromitsin bilan uyg‘unlikda buyurilgan va olti kun davomida ularning burun shilimshig‘idagi virus konsentratsiyasi o‘lchab borilgan. Ushbu tahlil natijalariga ko‘ra, tadqiqotchilar mazkur preparat virusning ko‘payishini to‘xtatishi va shu orqali samara berishi haqidagi xulosaga kelishgan. Biroq ushbu tadqiqotga nisbatan ko‘plab olimlarda savollar bisyor.

Birinchidan, bu shunday tadqiqotki, shifokorlar ham, bemorlar ham yakunda nima natija olinishini yaxshi bilgan. Boz ustiga eksperimental guruhga yoki nazorat guruhidan qaysi biriga tushishni tadqiqotda ishtirok etgan bemorlarning o‘zlari hal qilgan. Odatda bunday qarorni qabul qilishga bemorning ahvoli qay darajada ekani ta’sir ko‘rsatadi va kasallik qanchalik og‘ir yoki yengil kechayotganidan kelib chiqadi. Ikkinchidan, eksperimental guruh va nazorat guruhlarining o‘lchami juda kichik bo‘lgan. Uchinchidan esa shilimshiq moddasidan namuna olish usuli miqdoriy jihatdan o‘zini oqlamaydi, chunki undagi virus konsentratsiyasi boshqa tasodifiy omillar natijasida o‘zgarishi mumkin.

Va nihoyat virus konsentratsiyaning pasaygani faktining o‘zi bemorni aniq davolandi deb aytishga kafil bo‘la olmaydi. Ayniqsa o‘lim ko‘rsatkichi, o‘tkir respirator sindromda immun tizimining faoliyati buzilishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bunday kasallik holatida bu aslo yetarli omil emas. Ushbu tahlil natijalariga nisbatan e’tirozlar ham bo‘lgan.

Butunjahon SST gidroksixloroxinni qo‘llashga oid qarshi ko‘rsatmalar va tavsiyalarga bag‘ishlangan alohida ekspertlar yig‘ilishi o‘tkazgan va uning yakunlariga ko‘ra, mazkur modda yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari jamlangan hujjat shakllantirildi. Yakunda esa yuqorida aytilganidek, mazkur vositani “Birdamlik” loyihasi doirasida sinovlarda qo‘llab ko‘rishga qaror qilindi.

Xulosa qilib aytganda, COVID-19’ga qarshi samarasi isbotlangan preparat mavjud emas. Keng miqyosli klinik sinovlar natijalarini kutishga to‘g‘ri keladi.

“Kaletra” (lopinavir + ritonavir) hamda unga uyg‘un interferon

Bu nima? OIV infeksiyasini antiretrovirus terapiyasi doirasida ishlatiladigan ikkita proteaz ingibitor. Mazkur maqsadda foydalanish uchun AQShda 2000-yilda ma’qullangan.

Ta’sir mexanizmi qanday? Lopinavir bitta virusdan boshqa virus oqsillari paydo bo‘ladigan, xususan, uning ko‘payishi (replikatsiyalanishi) uchun xizmat qiladigan katta propeptidning bo‘linishi uchun kerak bo‘ladigan proteazlardan biri (3CLpro) ni ingibirlaydi. Lopinavirning o‘zi odam proteazlari orqali jigarda juda tez parchalanadi va shu sababli u boshqa bir ingibitor – ritonavir bilan uyg‘unlikda qo‘llanadi.

Nega bu ish berishi mumkin? Lopinavir SARS va MERS viruslarning ko‘payishini to‘xtatishi probirkada va model hayvonlarda sinab ko‘rib isbotlangan. U mustaqil holda yoki interferon bilan uyg‘unlikda qo‘llanganda martishka maymunlaridagi sinov-kuzatishlarida hamda MERS infeksiyasiga chalingan bir necha bemorlarda klinik ijobiy natijalarni taqdim etgan.

Foto: Google Photos

Nega bu ish bermay qolishi mumkin? Xitoyda o‘tkazilgan nisbatan yirik klinik sinovlarda lopinavir allaqachon sinab ko‘rib bo‘lindi, afsuski, u natija bermadi. Unda COVID-19 infeksiyasiga chalingan 199 nafar bemor ishtirok etgan. Sinovdagi eksperimental guruh a’zolariga ikki hafta mobaynida 400 mg lopinavir va 100 mg ritonavir berilgan. Biroq eksperimental guruhdagi bemorlarning holati bilan nazorat guruhidagi bemorlarning holati orasida hech qanday ijobiy farq yuzaga kelmagan. Aksincha lopinavir qabul qilgan bir necha bemorlarda uning nojo‘ya ta’sirlari yuzaga chiqqan.

Xulosa qilib aytganda, COVID-19’ga qarshi samarasi isbotlangan preparat mavjud emas. Keng miqyosli klinik sinovlar natijalarini kutishga to‘g‘ri keladi.

Remdezivir

Bu nima? RNKdagi harflardan birining analogi. 2012-yilda Gilead farmasevtik kompaniyasi kimyogarlari tomonidan sintez qilingan.

Ta’sir mexanizmi qanday? Ushbu modda nukleotid analoglarining yirik sinfiga mansub bo‘lib, ular orasidan odatda maxsus antivirus dorilar izlab ko‘riladi. Virus o‘zi uchun yangi RNK sintez qilishga kirishgan vaqtda ushbu modda virus fermentlari tomonidan RNK sinteziga jalb qilinishi mumkin va shu chog‘da u “haqiqiy” nukleotid emasligi sababli uni o‘z RNKsiga qo‘shgan virusda zanjir uziladi va u o‘zidan ko‘paya olmay qoladi.

Bu qanday ish berishi mumkin? Remdezivir o‘zida RNK tutadigan viruslarning ko‘plab turlariga qarshi, xususan, yangi koronavirusga hamda Ebola virusiga ham qarshi in vitro sinovlarda juda yaxshi samara beradi. Koronavirus bo‘yicha jahonning eng ko‘zga ko‘ringan mutaxassislaridan biri Ralf Barik tadqiqot guruhi hozirgi pandemiya boshlanishidan biroz avvalroq remdezivir preparatining MERS infeksiyasiga qarshi samarasini model hayvonlardagi sinov orqali ko‘rsatib bergan edi.

Bu nega ish bermasligi mumkin? Remdezivir – Gilead kompaniyasi tomonidan patentlab olingan preparat bo‘lib, uni AQShdan tashqarida qo‘llash imkoniyati amri mahol. Ayniqsa, ushbu moddaga nisbatan talamon  darajasidagi talab yuzaga kelgan va kompaniya keng jamoatchilik bosimi ostida qolgan vaqtda bu juda mushkul masala. Gilead allaqachon ushbu preparatni ishlab chiqarishga tegishli bo‘lgan o‘z monopoliyasidan voz kechishiga to‘g‘ri keldi.

Remdezivirning ikkinchi mushkulligi uning inyeksiya orqali yuborilishi bilan bog‘liq bo‘lib, uni tabletka ko‘rinishida chiqarishning iloji yo‘q. Boz ustiga remdezivir kasallikning eng erta bosqichlarida virus yuqqan ilk paytlarda nisbatan samarali bo‘lib, bu uning profilaktika maqsadida qo‘llanishiga ham monelik tug‘diradi.

Boshqa qiyinchiliklar ham mavjud. Gripp virusi va boshqa ko‘plab viruslardan farqli o‘laroq, koronaviruslarda o‘z xatosini to‘g‘rilash imkoniga ega bo‘lgan RNK-polimerazalari mavjud. Bunday holatda esa virusning mazkur xossasini ham yo‘q qilishga qaratilgan qo‘shimcha ta’sir vositasi ishtirokisiz, nukleotid analoglarini o‘zinigina qo‘llash orqali ko‘p o‘tmay teskari effektga kelib qolish ham hech gap emas. Ya’ni koronavirus tez orada ushbu preparatga qarshi bardoshli bo‘lib olishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, COVID-19 ga qarshi samarasi isbotlangan preparat mavjud emas. Keng miqyosli klinik sinovlar natijalarini kutishga to‘g‘ri keladi.

Terapiyaning muqobil turlari

Mart oyi yakunlariga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasining terapiyasiga oid o‘tkazilgan turli dorilarning va terapiya usullarining sinovlariga oid 260 ga yaqin tadqiqot natijalari ClinicalTrials.gov xalqaro bazasida qayd etilgan. Xitoyning shunga o‘xshash milliy saytida ham taxminan shuncha tadqiqot natijalari keltirilgan.

O‘sha barcha eksperimental sinovlar ichida, xususan, hujayraviy terapiyani hamda ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan kolxitsin zaharini, shuningdek, Rossiyada mashhur bo‘lmish arbidolni, kasallanib tuzalgan odamning qon zardobini bemorga quyish amaliyoti singari terapiya turlarini uchratish mumkin. Va albatta, ushbu maqolada yuqorida sanab o‘tilgan va BSST ro‘yxatiga kiritilgan barcha antivirus preparatlarini ham uchratasiz.

Ushbu potensial samaradorlik istiqboliga ega bo‘lgan vositalarning har biri haqida xolis va mufassal ma’lumot berishning imkoni yo‘q. Buning o‘rnini qoplash uchun esa eng ko‘p odam ishtirokida o‘tkazilayotgan tadqiqotlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan jadvalni hamda mutaxassislar uchun kerakli bo‘ladigan havolalar ro‘yxatini taqdim etamiz.

Dori vositasi yoki terapiya nomi Mamlakat Taxminan yakunlanish muddati Ishtirokchilar soni
Xloroxin yoki, gidroksixloroxin Xalqaro 2021-yil, aprel 40 000
Shaxsiy tibbiy ta’lim Vengriya 21-avgust, 2021-yil 7 576
Gidrokortizon, seftriakson, moksifiloksatsin, levofloksatsin, gidroksixloroxin, lopinavir, ritonavir va boshqalar Xalqaro 2022-yil, iyun 6 800
Kolxitsin Kanada 2020-yil, sentyabr 6 000
Remdezivir, interferon beta-1a, gidroksixloroxin Fransiya 2023-yil, mart 3 100
Virusga qarshi davolash va profilaktika Ispaniya 2020-yil, 15-iyun 3 040
Gidroksixloroxin AQSh 2020-yil, 12-may 3 000
Rekombinatsiyalangan odam interferoni alfa-1b va boshqalar Xitoy 2020-yil, iyun 2 944
Gidroksixloroxin AQSh 2022-yil, mart 1 600
Azitromitsin, xloroxin Kanada 2020-yil, 31-dekabr 1 500
Xavfsizlik choralari haqidagi axborot jamlangan anketa Xalqaro 2020-yil, 9-aprel 1 500
Gidroksixloroxin Xalqaro 2020-yil, sentyabr 1 300
Lopinavir / Ritonavir Kanada 2022-yil, 31-mart 1 220
Gidroksixloroxin Xalqaro 2020-yil, dekabr 1 116
Lopinavir / Ritonavir, Gidroksixloroxin va boshqalar Ma’lumot yo‘q 2021-yil, iyul 1 000
Tabiiy toza asal Misr 2020-yil, 10-may 1 000
Odamning biologik namunalari Fransiya 2023-yil, 23-fevral 1 000
Qon namunalari Fransiya 2020-yil, 16-oktyabr 1 000