Toshkent viloyatida bir odam 52 kishiga koronavirus yuqtirgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov “O‘zbekiston 24” telekanali efirida aytib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Uning aytishicha, bemor yo‘talish, tana haroratining ko‘tarilishi va nafas siqishiga qaramay to‘rtta tashkilotga borgan. Bu bemor 52 kishiga kasallikni yuqtirgan. Shu sababli ushbu tashkilotlarning barchasi yopilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, asosan, xorijda ishlovchi shaxslar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng oila a’zolariga kasallikni yuqtirmoqda.

“15-mart kuni xorijdan kelgan hamyurtimiz 15 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan. 27-mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o‘tkazgan.

Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan. Bir kishidan 46 nafar odamga koronavirus tarqagan”, — deydi Alisher Shodmonov va bemor kasallik alomatlari ko‘rina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermaganini afsus bilan ta’kidlagan.

“Yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo‘lgan. U sababli 100 dan ortiq insonlarni kuzatuvga olishga majbur bo‘ldik. Kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo‘lgan”, — deydi vazir.

Shuningdek, bemorlar orasida kasallik aniqlangandan so‘ng ham shifokorlarga quloq solmasdan, o‘z bilganini qilib yurganlar uchrab turganini ta’kidlagan. “O‘zing butun mahallaga yuqtirib bo‘lding, kerak bo‘lsa yashirib yurding, xiyonat qilding, endi hech bo‘lmasa shifoxonaga kelgandan keyin shifokorlarning aytganini qilish kerak emasmi? Yo‘q, manmanlik bilan tavsiyalarga quloq solmasdan yurganlar ham bor. Mana shunday bemorlardan biri hozir IVL apparatiga ulab qo‘yilgan, sun’iy nafas berilyapti”, — deydi Alisher Shodmonov.

“Mamlakatda cheklov choralari ko‘rilyapti. Hozir uyda bo‘lishimiz shart. Mashinasida, velosipedida, piyoda aylanib kelishga chiqayotganlarga murojaatim — hammamiz sabr qilishimiz kerak. Qachonki intizom bo‘lsa, barcha tartib-qoidaga bo‘ysunib, ikki hafta uyimizda o‘tirsak, hammasi o‘tib ketadi. Shunda birinchi navbatda oila a’zolarimizni saqlab qolgan bo‘lamiz. Hatto oilada ham quchoqlashib ko‘rishmang. Hamma bilan masofada gaplashing”, — dedi Alisher Shodmonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 390 nafarga yetdi. Shu vaqtgacha O‘zbekistonda kasallikdan ikki kishi vafot etdi30 nafar bemor butunlay sog‘aygan.