O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-aprel kuni 1969-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi R.X. koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish natijasida mahalliy klinikada vafot etdi.

Foto: Bloomberg

22-mart kuni R.X.da kasallikning birinchi alomatlari qayd etilgan edi, uning sog‘lig‘i keskin yomonlashishi munosabati bilan 2-aprel kuni u kasalxonaga yotqizilib, o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan va sun’iy komaga tushirilgan edi.

“Ushbu davrda Bosh konsulxona uning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turdi”, — deya xabar bermoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Hozirgi paytda Bosh konsulxona diasporal tashkilotlar rahbarlari va faollari bilan birgalikda uning dafn marosimi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

“Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi”, — deya qo‘shimcha qilingan TIV axborotida.

Avvalroq Nyu-Yorkda ikki o‘zbekistonlik (bir ayol va bir erkak) koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Armaniston, Qozog‘iston va Avstriyadagi O‘zbekiston fuqarolarida koronavirus aniqlangani ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 15-martdan 7-aprel soat 00:01 ga qadar 457 kishida koronavirus aniqlangan, ularning ikki nafari vafot etgan.