O‘zbekiston musulmonlari idorasi karantinga doir fatvolarni e’lon qildi. Ular orasida zakotni muddatidan avval berish, karantinga amal qilish zarurligi va narxni sun’iy oshirish, mish-mish tarqatish mumkin emasligi kabilar bor. Quyida ularning qisqacha bayoni keltirildi.

Foto: Facebook

Odamlar o‘z jonini saqlashi lozim

Qayd etilishicha, islom shariati hukmlarining maqsadi beshta asosni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ular – jon, din, nasl, mol va aqldir. Shariatda ular “Besh zarurat” deb nomlanadi. Ya’ni barcha kishilar ularni asrab-avaylashi shartligi ta’kidlangan. Jonni asrab-avaylash to‘g‘risida ko‘plab diniy ko‘rsatmalar mavjud.

Turli mish-mish va asossiz ma’lumotlarni tarqatish — harom

Islom shariatida xabarlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga qat’iy ishonch hosil qilmasdan turib, shoshma-shosharlik bilan o‘zgalarga tarqatishdan qaytarilgan. Chunki bunday xabarlar odamlar vaboga qarshi kurashish uchun rahbarlarning atrofida jamlanib, jipslashish zarur bo‘lgan bir paytda ularda xavotir, ikkilanish va sarosima kabilarni keltirib chiqaradi.

Vabo tarqalganda narxlarni sun’iy ravishda oshirish — harom

Qayd etilishicha, oziq-ovqat va shunga o‘xshash narsalarni sotib olib, uni to narxlar qimmatlagunga qadar bozorga chiqarmay ushlab turish (ihtikor) shar’an haromdir. Islom dini jamiyatga zarar bo‘ladigan har qanday monopolistik xatti-harakatni hukumat tomonidan to‘xtatilishini yoqlaydi. Shuningdek, bunday paytda hukumatning narx qo‘yishda haddan oshganlarni tartibga solishi din talabiga muvofiqdir. Chunki bunday holatda ko‘pchilik odamlarning manfaatlari yotadi.

Vabo tarqalgan davrda odamlarni yanada qiyinchilikka duchor qilish, ayniqsa, odamlarni kundalik ozuqalarini va tibbiyot vositalarini qimmatlashtirish oddiy holdagi ihtikordan ko‘ra gunohi qattiqroq va og‘irroq ekanligi ta’kidlangan.

Pandemiyada chiqarilgan tartib-qoida va qarorlarga amal qilish vojib

Kasallik qaysi yurtda keng tarqalsa, karantin vojib bo‘ladi. Bunday paytda ishlar soha mutaxassislari va shifokorlarga bog‘liq bo‘lib, barchaga rasmiy idoralar tomonidan chiqarilgan qonun-qoida va chora-tadbirlarga amal qilish lozimligi aytilgan. Ta’kidlanishicha, birinchi navbatda kasallikni keng tarqalishining oldini olish maqsadida hukumat tomonidan joriy qilingan karantinga amal qilish zarur.

“Har qanday yuqumli kasallikka chalingan kishi kasalligini boshqalarga ham yuqtirib, sog‘lom insonlarga zarar yetishiga sababchi bo‘lib, natijada o‘zi gunohkor bo‘lmasligi uchun o‘zini noxush sezgan vaqtida zudlik bilan shifokorga murojaat qilishi lozim”, — deyiladi maqolada.

Shar’iy hukmlar inson manfaatlariga zid emas

Juma namozi va jamoat namozlariga qatnashish islomning shiorlaridan hisoblansa-da, insonlar manfaatini yuzaga keltirish hamda ulardan zararni daf qilish – Payg‘ambarlarning yuborilishidan ko‘zlangan oliy hikmatdir. Payg‘ambarlar olib kelgan ahkomlar o‘rni kelganda inson manfaatlari islom shiorlaridan ustun turishini ta’kidlaydi. Juma namozi farz, jamoat bo‘lim namozlarni ado etish sunnat bo‘lsa, lekin ularni ado etish bilan zarar kelib chiqsa, ana shu zararning xavfi ustun ko‘riladi va insonlarni masjidlarda to‘planishdan qaytariladi.

Soha mutaxassislarining masjidda yoki boshqa joylarda odamlarni bir joyda to‘planishi xatarli ekani, virusning keng tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi haqida tavsiyalariga binoan davlat mutasaddilari odamlarning to‘planishiga chek qo‘yish haqida qaror qabul qilsa, barcha ushbu qarorga amal qilishi, garchi juma va jamoat namozlariga bo‘lsa ham xavf bartaraf bo‘lguniga qadar to‘planishdan saqlanishi lozim bo‘ladi.

Shunga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi karantin davrida to vaziyat barqarorlashgunga qadar jamoat namozlarini vaqtincha masjidlarda o‘qimaslik haqida chiqarilgan fatvo talablariga qarshi xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik kerak, deb aytmoqda.

Zakotni muddatidan avval berish

Ta’kidlanishicha, islom barcha ko‘rinish va shakllarda ijtimoiy birdamlik tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi. Agar uni odatdagi paytlarda qo‘llab-quvvatlasa, u xavfsizlikka erishgunga qadar hamkorlik va hamjihatlikka muhtoj bo‘lgan inqiroz, pandemiya, favqulodda va og‘ir vaziyatlarda uni farz qiladi.

“Qolaversa, mehr-muruvvatning eng ko‘zga ko‘ringan shakllari bu – epidemiyaning tarqalishidan aziyat chekkanlarga, beva ayollarga, muhtojlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi xayrli ishlardir.

Shuningdek, surunkali xastalar hamda muhtoj bo‘lgan narsalariga erisha olmaydigan keksalarga xayriya mablag‘lari, xayr-ehson yoki zakot mablag‘laridan yordam berish lozim”, — deyiladi Musulmonlar idorasi bergan ma’lumotda.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 504 kishiga yetdi