O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 7-aprel soat Toshkent vaqti bilan 10:00 holatiga ko‘ra 15 kishiga oshib, 472 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi. Avvalroq 6-aprel soat 23:00 holatiga O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 60 nafarga oshib, 457 kishiga yetgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonning bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 92 kishi davolanmoqda, ularning 23 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilmoqda, besh nafar bemorning ahvoli og‘ir.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar instituti klinikasiga 66 bemor joylashtirilgan, ulardan biri o‘rta og‘ir, yana biri esa o‘ta og‘ir ahvolda (avvalroq O‘zbekiston bo‘yicha 31 bemorda pnevmoniya kuzatilayotgani, ikki kishi sun’iy nafas olish apparatiga ulangani aytilgan edi).

6-aprel soat 9:00 holatiga ko‘ra kamida 31 nafar bemorda pnevmoniya alomatlari kuzatilayotgan edi; to‘qqiz bemorning ahvoli og‘ir deb baholangan, ulardan ikki nafari sun’iy nafas olish apparatiga ulangan edi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat 15-mart kuni aniqlangan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida 30 kishida sog‘ayishga erishdi, ikki kishi kasallik qurboni bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShning Nyu-York shahrida koronavirusdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni uch nafarga yetdi. Bundan tashqari, Armaniston, Qozog‘iston va Avstriyadagi O‘zbekiston fuqarolarida ham koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.