Xorijiy davlat (9 ta)da bo‘lib turgan 23 nafar O‘zbekiston fuqarosida koronavirus aniqlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetov 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari orasida ham koronavirus yuqtirib olish holatlari kuzatilmoqda. Ayni paytda quyidagi mamlakatlarda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarda kasallik aniqlangan:

  • Avstriya — 1 nafar;
  • Armaniston — 1 nafar;
  • AQSh — 10 nafar;
  • BAA — 1 nafar;
  • Janubiy Koreya — 1 nafar;
  • Pokiston — 5 nafar;
  • Rossiya — 1 nafar;
  • Tailand — 1 nafar;
  • Qozog‘iston — 2 nafar.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari ushbu fuqarolar va ularning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi va zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

Avvalroq Nyu-Yorkda ikki o‘zbekistonlik (bir ayol va bir erkak) koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi. 6-aprel kuni yana bir nafar o‘zbekistonlik Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etgan. Shuningdek, Armaniston, Qozog‘iston va Avstriyadagi O‘zbekiston fuqarolarida koronavirus aniqlangani ma’lum qilingan edi.