Buxoro viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 6-aprel soat 10:00 dan 7-aprel soat 15:00 ga qadar — 29 soat ichida — 65 nafarga ko‘paydi, Qoraqalpog‘istonda esa xuddi shu vaqt ichida kasallanganlar soni sakkiz barobarga oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan raqamlar shundan dalolat bermoqda.

Vazirlik koronavirusga chalingan 390 nafar bemorning davolanayotgan joyi bo‘yicha 6-aprel kuni e’lon qilgan axborotida bemorlar soni bo‘yicha Toshkentdan keyingi o‘rinlardan Farg‘ona (64 nafar), Andijon (61 nafar) va Namangan (48 nafar) viloyatlari borayotgan edi.

7-aprel kuni bemorlar soni 504 nafar yetganidan so‘ng berilgan axborotda bemorlar soni bo‘yicha Toshkentdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich Buxoroda ekani ma’lum bo‘ldi — 84 nafar; vaholanki, bir sutka avval viloyatda bemorlar soni to‘rt barobar kamroq — 19 nafar edi.

Jadval: “Daryo”

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham bemorlar soni 29 soat ichida 2 nafardan 16 nafarga (sakkiz barobarga) ko‘paygan. Qayd etish joiz, 7-aprel soat 14:30 holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘istonda kasallanganlar soni 11 nafar bo‘lgan, ularning sakkiz nafari (olti nafari xotin-qizlar)ga virus Qoraqalpog‘istonda aniqlangan birinchi bemor (erkak)dan yuqqan.

Buxoroda kasallanganlar soni birdan oshib ketgani yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 8-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda to‘xtalib o‘tdi.

Buxoro viloyatiga uchta davlatdan hamyurtlarimiz olib kelingan. Turkiyadan olib kelingan 239 nafar fuqaro Istanbul aeroportida sakkiz soat bitta xonada hech qanday himoya vositalarisiz qolib ketgan. U yerdagi odamlarimiz o‘z himoyasini esdan chiqarib qo‘ygan, kasallikning yuqishiga ularning o‘zi sharoit yaratgan. Natijada dastlabki tekshirishlar vaqtida ularning 66 nafarida koronavirus kasalligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Buxoroga Rossiyadan ikkita reysda 530 nafar fuqaromiz olib kelingan. Ular orasida ham koronavirus kasalligiga chalinganlar bor. E’tibor beradigan bo‘lsak, ular ikki kundan besh kungacha hech qanaqa himoya vositalarisiz, bemalol bir-biri bilan muloqot qilib, bitta joyda yashagan. Ular o‘z himoyasi haqida o‘ylamagani, epidemik hududdaligini anglab yetmagani mana shu holatning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Bu odamlar orasida koronavirus kasalligiga chalinganlarni aniqlayapmiz. Bir narsani yana bir bor e’tiboringizga yetkazmoqchimiz — koronavirus kasalligiga 14 kun karantin belgilangan. 14 kunlik kuzatuv davomida birinchi kunda ham, 14-kunda ham koronavirus kasalligi aniqlanishi mumkin. Shuning uchun 14 kun o‘tgach, karantin tadbirlari bekor qilinadi.

Nurmat Otabekov, O‘zbekiston davlat bosh sanitariya inspektori

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 8-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra koronavirusga chalingan bemorlar soni 534 nafarga yetdi, ularning 30 nafari sog‘aygan, uch nafari vafot etgan. Xorijda esa kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan, ularning uch nafari vafot etgan.