COVID-19’ga qarshi vaksina ishlab chiqishda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlari ishtirok etmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adan Gebreyesus ma’lum qilgan, deb yozmoqda CNBC.

Foto: Getty Images

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni kunlarda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish jarayoni tezlashgan va 20 ga yaqin kompaniya hamda muassasalar ushbu ish bilan shug‘ullanmoqda.

“Virus genomi yanvar boshida tuzilgan va butun dunyoda tarqalgan, oqibatda testlar ishlab chiqilib, vaksina yaratish ustida tadqiqotlar boshlangan”, – deydi Gebreyesus.

Shuningdek, u yaqin orada JSST ishlab chiqiqqan vaksinalarni butun dunyoda tarqatish yuzasidan tashabbus ko‘rsatishiga umid qilishini ham ta’kidladi.

“Vaksina yoki koronavirusni davolashda ishlatiladigan dori tayyor bo‘lganda biz ularni butun dunyoga tarqatishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Bunda qurbi yetadigan yoki aksincha yetmaydigan deb tabaqalarga ajratish ketmaydi”, – degan JSST rahbari.

Avval AQShda vaksinani odamlarda sinovdan o‘tkazish ishlari boshlangani, 40 ga yaqin sog‘lom ko‘ngillilarning ikki bosqichdan iborat sinovlarda ishtirok etishi haqida xabar berilgandi. Test qilish ishlari Filadelfiya va Kanzas Sitida o‘tadi. Vaksinaning dastlabki dozasi sinovda ishtirok etayotganlarga 6-aprel kuni yuborilgan.

AQSh koronavirusga qarshi vaksinaning 2021-yil bahorigacha tayyor qilinishi rejalashtirilgan. Boshqa xorij davlatlarda ham vaksinani test qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Turkiyada ham vaksina tayyor bo‘lgani va yaqin orada uni odamlarda sinab ko‘rish ishlari boshlanishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, Pentagon koronavirusga qarshi vaksinani sinovdan o‘tkazishga kirishgani, futbol yulduzlari Drogba va Eto’O koronavirusga qarshi vaksinani Afrikada sinab ko‘rishni tavsiya qilganlarni tanqid qilgani, Johnson & Johnson kompaniyasi 2020-yilning sentabrida koronavirusga qarshi vaksinaning odamlardagi sinovini boshlashi haqida xabarlar berilgan.