7-aprel kuni Xitoy hukumati ikki oylik izolyatsiyadan so‘ng Uxan shahridan chiqishni taqiqlovchi cheklov choralarini bekor qildi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Foto: Global Look Press

Koronavirus pandemiyasi boshlangan shaharga kirish va chiqish 23-yanvar kuni yopilgan edi. Yarim tunda hukumat Uxandan boshqa shaharlarga qatnovchi yo‘llarni ochgan, 8-aprel tongidan esa temiryo‘l va avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.

8-aprel kuni Uxandan 276 ta yo‘lovchi poyezdlari jo‘nashi rejalashtirilgan. Chiptalar savdosiga ko‘ra, shaharni 55 ming odam tark etishga tayyorlanmoqda. Ularning qariyb 40 foizi Guanchjou janubidagi Chjuszyan daryosi hududiga yo‘l olmoqchi.

Ta’kidlanishicha, Uxanni tark etishga faqatgina koronavirusga topshirgan test natijalari qoniqarsiz chiqqan fuqarolarga ruxsat etiladi. Hukumat ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan va barcha transport infratuzilmalarini — vokzallar, poyezd va kassalarni dezinfeksiya qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Uxanda 50 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan bo‘lib, 46,9 ming kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgan, 2571 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy o‘z hududida koronavirus tarqalishini to‘xtatdi, mamlakatda avtomobil sanoati yana oyoqqa turib, ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ydi. Aprel oyining oxirlarida Uxan shahridagi metro qatnovlari qisman ishga tushirilgan edi.