O‘zbekistonda 16-martdan bugungi kunga qadar karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 39 245  ta holat aniqlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, eng ko‘p — 6 242 ta qoidabuzarlik Toshkent shahrida qayd etilgan. Toshkent viloyatida esa bunday holatlar soni 4 839 tani tashkil etmoqda. Respublika bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarliklar esa quyidagicha:

  • Farg‘ona viloyatida – 4 954 ta;
  • Samarqand viloyatida – 4 052 ta;
  • Qashqadaryo viloyatida – 3 370 ta;
  • Sirdaryo viloyatida – 2 927 ta;
  • Namangan viloyatida – 2 533 ta;
  • Andijon viloyatida – 2 030 ta;
  • Jizzax viloyatida – 1 746 ta;
  • Surxondaryo viloyatida – 1 713 ta;
  • Xorazm viloyatida – 1 577 ta;
  • Buxoro viloyatida – 1 549 ta;
  • Navoiy viloyatida – 455 ta;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 1 258 ta holatni tashkil etmoqda.

“Karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Xususan, Guliston shahar, Abdullayev ko‘chasida yashovchi 38 yoshli U.D. karantin qoidalariga rioya qilmasdan “Do‘stlik” qo‘rg‘onida tashkil etilgan blokpost orqali Guliston shahriga kirishga uringan. Unga qarshilik qilgan IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qo‘pollik qilib, xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari xodimlariga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan.

Natijada Ma’muriy ishlar bo‘yicha Guliston shahar sudi tomonidan U.D.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)ga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismiga asosan 446 000 so‘m jarima jazosi hamda 501 750 so‘m qamoq xarajatlari undirilishi belgilangan.