Bugungi kunga kelib ko‘pchilik masofaviy ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Koronavirus sabab e’lon qilingan karantin vaqtida esa uyidan turib ishlaydiganlar soni yanada ortdi. “Domashniy ochag” nashri uyda ishlaganda salomatlikka putur yetkazmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligiga to‘xtaldi.

Foto: People

Karavotda noutbuk ishlatmang

Uydan ishlashni boshlaganlar ilk kunlari ishga shoshish, kiyinish kerakmasligini o‘ylab xursand bo‘lganlaridan o‘rnilaridan turishni ham istamay noutbukni karavotga olib kelib ishga kirishishi mumkin. Karavot yotishga, divan esa o‘tirishga mo‘ljallangan, ishlashga emas. Gap shundaki, noqulay joylashib soatlab ishlash oqibatida ertasi kuni bel, umurtqa pog‘onasi va oyoqlarda og‘riq kuzatilishi mumkin. Bundan tashqari, uyqu bilan ham muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Yechim: Ishlash uchun uydan chiqmasangiz ham tartibga amal qiling. Nonushta qilib bo‘lgach, ish stolingizga o‘tirib, diqqatni bir joyga jamlab, ishlashingiz kerak bo‘lgan soatlarda ishlang, tushlik vaqtida tanaffus qilib keyin yana ishga kirishing. Ishlash uchun sharoit bo‘lmasa, yaratib oling. Hech kim kirmaydigan, shovqindan xoli, yorug‘lik yaxshi tushadigan xonaga stol-stul qo‘ying.

Foto: Bloomberg

Oshxonada ishlay ko‘rmang

Bu umuman o‘zini oqlamaydigan g‘oya, chunki birinchidan uydagilar kirib-chiqib, gapga solib sizni chalg‘itadi, ikkinchidan muzlatgich sizning hududingizda ekanini his qilib, buterbrodlar, shirinliklar yeb qo‘yishingiz, karantindan chiqqunga qadar vazn to‘plab o‘zingizga ish ko‘paytirishingiz mumkin.

Yechim: Yaxshisi derazasi hovli yoki ko‘chaga qaragan mehmonxona yoki yotoqxonada ishlang. Kompyuterga tikilib ko‘zingiz toliqqanida tabiat manzarasiga qarab biroz dam olishingiz, qushlar sayrashidan bahra olib, yana ishga kirishishingiz mumkin. Qolaversa, derazadan kiradigan toza havo ishlash samaradorligini oshiradi.

Planshetni tizzaga qo‘yib ishlamang

Agar shu usulda ishlaydiganlar sirasiga kirsangiz, bo‘yin va yelkalarim nima uchun og‘rir ekan deb hayron bo‘lmang. Katta odamning boshi 4—5 kilogramm, uni pastga egib soatlab o‘tirish, bo‘yinga og‘irlik qiladi. Bu usulda ishlash umurtqa pog‘onasinining og‘rishini kafolatlaydi.

Yechim oddiy: stolda ishlang, monitor ko‘zingizdan 50—60 sm uzoqlikda bo‘lishi kerak. Shunda ham ko‘zingiz yaxshi ko‘rmasa, yozuv shriftini kattalashtiring.

Foto: Newshub

Tartibga rioya qiling

Ish uchun asosan, noutbuk, qayd daftarchasi, telefon va rozetka kerak bo‘ladi. Keraksiz qog‘ozlar, stikerlar, boshqa keraksiz narsalar bo‘lmasligi kerak. Stol ustining tartibsizligi diqqatni jamlashga ham xalaqit qiladi. Qorong‘ida ishlashingizga to‘g‘ri kelsa, stol lampasidan foydalaning.