Bugun xalqimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriy tug‘ilgan kun. Shu munosabat bilan adibning eng mashhur romanini qayta esga olamiz. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov asarni tahlil qiladi. O‘qimagan bo‘lsangiz, karantin buyuk romanni o‘qib chiqish uchun ayni muddao.

Foto: Google Photos

Fleshbek

Bu asarni ilk marta ikkinchi sinfligimda, ayni ertaklarga sho‘ng‘ib o‘qiydigan paytlarim uydagi kitoblar orasida ko‘rib qolib qiziqib o‘qishni boshlaganman. Bu “ertak” kitobda shahzoda, malika va hech qanday sehr-jodu yo‘qligiga hayron qolganman, ammo baribir oxirigacha o‘qib tugatganman. Oradan vaqt o‘tib televizorda “O‘tkan kunlar” romani asosida suratga olingan film diqqatimni tortgan, juda qiziqib ko‘rganman. Film tugashi bilan asarni ikkinchi marta o‘qishga kirishib ketganman. “O‘tkan kunlar” xuddi mana shunday, takror-takror o‘qishga arziydigan ko‘hna roman.

Asar haqida

“O‘tkan kunlar” romanining qachon yozib tugatilgani, matbuotda e’lon qilinishi haqidagi ma’lumotlarda biroz chalkashliklar bor. Ammo adib ijodi yuzasidan chuqurroq ish olib borgan tadqiqotchilar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Abdulla Qodiriy 1917–1918-yillardan boshlab “O‘tkan kunlar” romani uchun material yig‘ishga kirishdi. 1922-yilda birinchi o‘zbek romanining ilk boblari “Inqilob” jurnalida chop etila boshladi. O‘sha yillardayoq asar qo‘lma-qo‘l bo‘lib, o‘quvchilar keyingi boblarning chiqishini intiq bo‘lib kutdi.

Barchamizga ma’lumki, u davrlarda zamon ancha notinch edi. Shu sababli jurnal muntazam chop etilmagan. Ma’lumotlarni o‘rganib chiqsak, faqatgina 1922-yilning o‘zida “Inqilob” jurnali ma’muriyati bir necha marta almashganini ko‘rishimiz mumkin. Bu holat esa roman taqdiriga ham anchayin salbiy ta’sir qildi, hatto asardagi so‘zlarda original holatdan uzoqlashishlarni ko‘rishimiz mumkin. Romanning birinchi bo‘limi ilk bor 1925-yilda nashr qilingan bo‘lsa, 1926-yilda ayrim xatoliklar tuzatilib qayta nashrdan chiqdi.

Sujet

“Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar. Shunga ko‘ra mavzuni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi ‘xon zamonlari’dan belgiladim”, deydi Abdulla Qodiriy roman avvalida. Darvoqe, adib roman nafasi ufurib turgan yuqoridagi fikrlarni bejizga keltirmagan. Asar XIX asr voqealari, ijtimoiy manzaralari, turmush tarzini aks ettirgan va bu murakkab tarixiy davr asar qahramonlari Otabek va Kumushning fojiali sevgi qissasi fonida tasvirlangan.

Otabek 24 yoshda, toshkentlik Yusufbek hoji va O‘zbek oyimning ko‘z nuri, yagona farzandi. Marg‘ilon go‘zali Kumush esa 17-18 yoshlarda Mirzakarim qutidor va Oftob oyimlarning yolg‘iz farzandi. Savdogarlik bilan shug‘ullanuvchi Otabek Marg‘ilonda Mirzakarim qutidorning tashqi hovlisidan o‘tgan ariqdan tahorat uchun suv olayotib, tasodifan Kumushga ko‘zi tushadi. Kumush ham Otabekni ko‘radi. Nigohlar bir-biriga to‘qnashgan chog‘da ikkala qalbda ham ishq otashi alangalanadi.

“O‘tkan kunlar” filmidan kadr.

Foto: Google Photos

Otabek ham Kumush ham juda parishon bo‘lib yuradi, ular hali bir-birini tanimas edi. Otabekning yonida doimo u bilan birga yurgan, uning “ma’naviy otasi” Hasanali bu parishonlikning tagiga etadi va Otabek nomidan Ziyo shohichi bilan birga qutidornikiga sovchilikka otlanadi. “Kiroyi kuyoving shunday bo‘lsa” deb havaslanib yurgan Mirzakarim qutidor qizini Toshkentga yubormaslik sharti bilan rozilik beradi. Kuyovning kim ekanidan Kumush hali xabarsiz, ko‘nglidagi xufiyona ishqidan azob chekardi.

To‘y bo‘ladi va Kumush o‘sha kuni kuyovning o‘zi ariq bo‘yida ko‘rib qolgan yigit, qalbining sohibi ekanini biladi. Yozuvchi sujet oqimi bilan o‘sha davrdagi o‘ta murakkab tarixiy davrni ham qadam-baqadam hikoya qilib boradi. Mahalliy hokimliklar bir-biri bilan nizoda, to‘qnashuvlarda qipchoq va qora choponlar bir-birini ayovsiz qirayotgan bir vaziyat edi.

Yagona o‘g‘li Otabekning marg‘ilonlik qiz Kumushga uylanganini va uning ustiga kelinining ota-onasi qizini Toshkentga yubormasligidan xabar topgan O‘zbek oyimning fig‘oni falakka chiqadi va o‘g‘lini ikkinchi marta uylantirish uchun Toshkentdan kelin qidirib, Otabekning rizoligisiz qiz tarafga va’da ham beradi. Ota-ona orzusiga qarshi chiqolmagan Otabek Olim ponsadboshining qizi Zaynabga uylanishga majbur bo‘ladi.

Otabek Toshkentda yurgan kezlari Kumushga oldindan ko‘z olaytirib yurgan Homid xotinboz hiyla uyushtirib, Otabekning nomidan Kumushga soxta taloq xati yozadi. Bundan bexabar Marg‘ilonga qaynotasining uyiga kelgan Otabekni Mirzakarim qutidor haydab yuboradi. Holatga tushunmasdan Otabek ham qaynotasidan qattiq ranjiydi. Oradan ancha oylar o‘tadi, Otabek Marg‘ilonga bir necha marta kelib usta Alimnikida tunab qolaveradi.

Shunday kunlardan birida Otabek bexosdan Homid va bir guruh razil kimsalar tomonidan o‘ziga uyushtirilgan hiyladan xabar topadi. Bundan tashqari, Homidning yana bir qabih niyatini ham oldindan bilib qoladi va bir o‘zi uch kishiga qarshi kurashib, Homidning Kumushni olib qochish rejasini yo‘qqa chiqaradi. Bo‘lib o‘tganlardan hayron qolgan Mizakarim qutidor va oilasi Otabekning oldiga, Toshkentga, yo‘l olishadi. Kumush va Zaynabning kundoshlik hayoti boshlanadi.

“O‘tkan kunlar” filmidan kadr.

Foto: Google Photos

Zaynabning qizg‘anishlari, Kumushning ilmoqli gaplari, tortishib qolgan kundoshlarga Yusufbek hojidan chiroyli murosa shakllari fonida kunlar o‘tadi. Kumush farzand kutayotgan edi va oy-kuni yetib ko‘zi yorigan kuni kundoshi Zaynab unga opasi Xushro‘y bibining undovi bilan atalaga zahar qo‘shib beradi. Kumush bu yorug‘ olamni tark etadi. Sevgisidan qolgan yagona Yodgori bilan Otabek Zaynabni taloq qilib, bosh olib Marg‘ilonga ketadi. Bo‘lib o‘tganlardan ta’sirlangan Zaynab aqlidan ayriladi.

Asar so‘nggida esa vatanni himoya qilishga otlangan Otabekning janglardan birida vafot etgani aytiladi.

Tahlil

Asar voqealari XIX asrda juda murakkab tarixiy vaziyatda yuz beradi. Xonlik va bekliklar bir-biri bilan ixtilofda, qipchoq va qorachopon nizolari ko‘pchilikning yostig‘ini quritgan va eng katta tahlika Turkistonga tashqi dushman tahdid solayotgan jiddiy va chigal davr yoritilgan. Shu bilan birga, asar yozilgan yillar muhiti ham o‘ta alg‘ov-dalg‘ov va tahlikali edi.

Abdulla Qodiriy va u kabi ziyolilarga ayovsiz toshlar otilayotgan qatag‘on shamoli shiddatli esayotgan bir davrda adib “O‘tkan kunlar” romanida tilga olingan voqealar orqali o‘zi yashagan davrdagi holatlarga ham o‘z munosabatini bayon qilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Romanda asosiy sujet liniyasi ichida bir-biri bilan uzviy bog‘lab borilgan kichik sujet liniyalari va rang-barang xarakterlar ulardagi ajralib turuvchi xislatlar, qahramonlarning psixologik holatlari, ularning fojialari, xursandchiligi mohirona tasvirlangan.

Asarni tahlil qilar ekanman, romandagi fojiaga sabab bo‘lgan omilni qidirmadim, Zaynab va Kumush munosabatlariga qozilik qilishdan saqlangan holda bundan avvalgi qilingan tahlillarda tilga olinmagan jihatlarga e’tibor berishga harakat qildim.

Romanda o‘quvchini hayajonga soluvchi holat, albatta, Otabek va Kumush sevgisi. Bir ko‘rishda bir-biriga xufiyona oshiq bo‘lishi ortidan o‘quvchida ham ajib hayajon shakllana boradi. Tanimagan yigitga uzatilayotgan Kumush bilan birga iztirob cheksa, xayolidagi u go‘zalning nigohlaridan o‘t kabi yongan Otabek bilan birga yonadi. Va nihoyat to‘y oqshomi Otabek va Kumush ko‘rishgan onda kuyovning Otabek ekanidan bexabar Kumushning ma’yus ko‘zlari birdan porlab “Siz o‘shami?” deb so‘rashi o‘quvchini ham kuchli hislar ummonida suzishga undaydi. Shu o‘rinda asardagi ushbu mashhur dialogni o‘zbekona muhabbatning ramziga aylangan jumlalar desam to‘g‘ri bo‘ladi.

“O‘tkan kunlar” filmidan kadr.

Foto: Google Photos

Adib Otabek obrazida o‘zining yangicha fikrlarini ilgari surgan. Otabek savdogar va o‘zi borgan o‘lkalar va o‘z yurtidagi iqtisodiy holatlar yuzasidan sog‘lom qiyosiy fikrlar bildiradi. Bundan tashqari, Ziyo shohichining uyida bo‘lib o‘tgan suhbatda o‘zining uylanish masalasi fonida o‘sha davr oilalarida xotin-qizlarga nisbatan mavjud bo‘lgan nosog‘lom muhit haqida tanqidiy qarashlarini aytib o‘tadi.

Romandagi men uchun mukammal obrazlardan biri bu – Yusufbek hoji. U Toshkent hokimining mushoviri — maslahatchisi. Doimo bu xarakter haqida o‘ylaganimda ko‘z oldimda nurli bir chehra, haqiqiy insoniy fazilatlar bilan mujassam nuroniy obraz gavdalanaveradi. Asardagi mashhur dialoglar ham bunga yorqin misol.

Bundan tashqari, asarda unga shunday ta’rif beriladi. “Yusufbek hojining qiziq bir tabiatı bor: xotini bilangina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa bo‘lsin, uzoq so‘zlashib o‘tirmaydur… Hoji bir necha vaqt so‘zlag‘uvchini o‘z og‘zig‘a tikiltirib o‘turg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa ‘xo‘p’ deydir, gapka tushunmagan bo‘lsa ‘xo‘sh’ deydir, noma’qul bo‘lsa ‘durust emas’ deydir va juda ham o‘zig‘a noma’qul bo‘lsa bir iljayib qo‘yish bilan kifoyalanib mundan boshqa so‘z aytmaydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir”.

Ushbu ta’rifdan ham Yusufbek hojining naqadar mulohazali, o‘ziga xos ma’naviy salobatga ega obraz desam o‘rinli bo‘ladi. Davlatchilik boshqaruvi va davr ijtimoiy muhitiga munosabatida ham Yusufbek hoji obrazining mukammalligiga guvoh bo‘lamiz. Adib davlat boshqaruvi haqidagi tanqidlari va noroziliklarini hoji obrazi misolida yetkizib bergan.

Asarda mening e’tiborimni doim tortadigan xarakterlardan biri bu Xushro‘ybibi obrazi. Xushro‘y Zaynabning egachisi, Zaynab bilan bir qorindan talashib tushgan bo‘lsa-da, biri suv, biri olov. Olov bu — Xushro‘y. Oilada uning degani degan, aytgani aytgan. Uydagilar biror joyga mehmonga bormoqchi bo‘lganda Xushro‘y boraman desa gap tamom, hech kim unga qarshi gapirolmaydi.

“O‘tkan kunlar” filmidan kadr.

Foto: Google Photos

Agar bormayman dedimi, hech kim sudrab ham olib borolmaydi. Romanda Xushro‘yga berilgan mana shu kabi ta’riflarni o‘qirkansiz, uning nihoyatda shaddod obraz ekanini guvohi bo‘lasiz. Umuman olganda, Xushro‘y obrazi bir qarashda juda rangli, hozirgi zamon talab qilgan xarakterday tuyuladi albatta, uning fitratidagi yovuzliklarni hisobga olmaganda. Axir Zaynabni qotillikka undagan ham, bir oilani ildizi bilan yulib tashlagan ham aynan shu obraz edi.

Asarda juda ko‘p illatlarni ham yozuvchi o‘rinli ochib berganki, o‘quvchi ham romanni o‘qir ekan unday holatlarda bezovtalanadi. Masalan, Homid xotinbozning ko‘p xotinlik haqidagi fikrlari, xotinlar bilan murosa qilishda qamchinidan qon tomishi kerakligi haqidagi fikrlar, Mirzakarim qutidor va Oftob oyimlarning Kumushni Toshkentga yubormaslik sharti, qizining noroziligiga qaramasdan uni uzatishga rozilik berish, orzu-havas yo‘lida O‘zbek oyimning Otabekni ikkinchi marta uylanishga majbur qilishi va shunga o‘xshash ko‘pgina illatlar nom berilmasdan hikoya qilingan.

Bularning bari davr jaholatidan dalolat bermoqda. Yozuvchining asosiy maqsadlaridan biri ham jaholat va uning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib berish edi.

Xulosa

“O‘tkan kunlar” romani o‘zbek adabiyoti xazinasining bebaho durdonasi hisoblanadi. Asar biz boshqa asarlardan qidirib ham topa olmaydigan, milliyligimizni tarannum etuvchi unsurlarga liq to‘la. Qolaversa, romanning davr hayotini ochib berishdagi roli ham beqiyosdir. Barchangiz ushbu asarni bir marotaba bo‘lsa ham o‘qiganingizni bilaman, ammo “O‘tkan kunlar” bizga o‘tgan kunlarimizdan dars beruvchi, bizga bizni o‘rgatuvchi romandir. Zero adibning o‘zi ham ta’kidlab o‘tganidek, “Bu romanni bir marta emas, besh marta o‘qish kerak”.

Iqtiboslar

O‘g‘lingizni vujudi bilan orzungizni qondirish oson bo‘lsa ham, oladirgan keliningiz qarshisida meni bir jonsiz haykal o‘rnida tasavvur qilingiz;

Oq bilan qorani ajratolmagan fuqaroning bir necha g‘arazgo‘y mustabidlar kayfi yo‘lida bir-birisining qoniga tashna bo‘lishlari va natijada istiqbolning vahm ko‘rinishlari;

Boshqa so‘zlardan ham ortiqroq esingga shuni solib o‘tayki, siyosat to‘g‘rilarida o‘ylabroq so‘zla;

-Siz o‘shami!?

-Men o‘sha!

Qiziqarli faktlar

1969-yilda asar asosida rejissyor Yo‘ldosh A’zamov tomonidan film suratga olingan bo‘lib, unda bosh rollarni O‘lmas Alixo‘jaev va Gulchehra Jamilovalar maromiga yetkazib o‘ynagan;

Asar 2019-yilda amerikalik tadqiqotchi va tarjimon Mark Ris tomonidan “Bygone days” nomi bilan ingliz tiliga tarjima qilingan;

Tarjimon Mark Risning ta’kidlashicha, u tarjima ustida 20 yil ish olib borgan;

Roman 1933-yilda Boku shahrida lotin alifbosida, 1958–1961-yillarda Karachi shahrida o‘zbek tili arab alifbosida nashr qilingan.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.