O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari 9-aprel kuni sog‘ayib, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan reabilitatsiyaga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Ular orasida O‘zbekistonda koronavirusga chalingani 15-mart kuni aniqlangani ilk bemor — oliy toifali shifokor Nigora Murodova ham bor.

Nigora Murodova.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

U kasalxonadan chiqarkan, “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu bergan.

“Yurtboshimiz, ular ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari, shunday oqil va odilona siyosatlari tufayli har bir bemorga mehr bilan ko‘rsatilgan davo bizni sog‘aytirdi. Bugun oilam bilan — biz 14 kishi — tuzalib chiqib ketyapmiz. Biz uchun jon kuydirgan har bir tibbiyot xodimiga minnatdorchilik bildiraman. Bugun men o‘zbekligimdan, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan juda ham xursandman. Chunki O‘zbekistonda bemorlar birinchi simptomlar aniqlanishi bilan statsionar karantinga olinib, davolanyapti”, — dedi Murodova xonim.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat 15-mart kuni aniqlangan edi (11-mart kuni Fransiyadan qaytgan; keyinchalik, 19-mart soat 23:59 holatiga ko‘ra, uning o‘g‘li, qiziturmush o‘rtog‘i, nevarasionasi, kelini, yana to‘rt qarindoshi, shuningdek, bir hamkasbida ham kasallik aniqlangani aytilgan edi).

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda birinchi bemorning shaxsiy ma’lumotnomasi tarqalib ketgan edi. Keyinchalik rasmiy manbalarda ham birinchi bemorning ismi-sharifi N.M. ekani bir necha bor ko‘rsatib, ta’kidlab o‘tilgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2-aprel kuni e’lon qilingan infografikadan lavha.

Infografika: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Ma’lumot uchun, 10-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 624 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan — ularning 38 nafari sog‘aygan, uch nafari vafot etgan. Bundan tashqari, xorijda kamida 23 nafar o‘zbekistonlik koronavirusga chalingan, ularning uch nafari (uchalasi ham AQShning Nyu-York shahrida) vafot etgan.