O‘zbekiston xalq shoiri, o‘zbek bolalar adabiyotining buyuk namoyandasi Anvar Obidjon 11-aprel kuni vafot etdi. U 73 yoshda edi. Uning vafot etgani haqida xabardan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda asosan adibning asarlarini o‘qib voyaga yetgan avlod vakillari tomonidan xotiralar, Anvar Obidjonga rahmatlar e’lon qilindi.

Qahramon Aslanov: “Bolaligimizning yana bir bo‘lagi bizni tark etdi”

Bir yilcha oldin Xayrulla Hamidovning “Ildiz” loyihasida intervyu bergan Usmon Azim qiziq va juda muhim fikrni ilgari surgandi. Xudoyberdi To‘xtaboyev va Anvar Obidjon kabi adiblarni alohida e’zozlash kerakligini ta’kidlar ekan, Usmon Azim buning sababini qo‘yidagicha izohlagan edi: “Aynan bolalar adabiyotida ijod qiladigan yozuvchi va shoirlarning o‘rni boshqacha. Chunki ularning asarlari tufayli inson bolaligidan kitobga oshno tutinadi. Kitobxonlarning paydo bo‘lishida bu juda ahamiyatli”.

Anvar Obidjon va Xudoyberdi To‘xtaboyev.

Foto: “OrifTolib.uz”

Haqiqatan ham, odatda sevimli yozuvchilar haqida so‘ralganda kattaroq fikr yuritgandek bo‘lamiz. Aytmatov deymiz, Markes deymiz, xuddiki yuqorida nomlari tilga olingan bolalar adiblarining asarlari ancha jo‘n, sodda ko‘rinadi. Ammo bu asarlar bizning birinchi muhabbatimiz kabi juda qadrli — hammamiz Hoshimjonni, Meshpolvonni, Tom Soyerni o‘qib katta bo‘lganmiz. Agar bu qahramonlar, bu yozuvchilar bo‘lmaganda, kim biladi, biz bu sehrli olamga, kitobxonlikka kirarmidik yoki yo‘q.

Aslida ancha sodda ko‘ringan, oddiy voqealarni yozish yana-da qiyin, yosh bolalardek beg‘ubor fikrlash, voqealarga ulardek qaray olish, xullas, bolalarni qiziqtirish oson ish emas. Axir Markesning asarini bir kitobxon qo‘liga oladi, Anvar Obidjonni esa, ehtimol, ilk bor qo‘liga kitob ushlab turgan bolakay... Markes yoqmasa, irg‘itib, boshqa kitobga o‘tiladi, Anvar Obidjon esa o‘sha yangi o‘quvchini shu olamda olib qola bilish kerak. Mas’uliyat kattaroq.

Bolaligimizning yana bir bo‘lagi bizni tark etdi. O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon vafot etdi.

Bitta shoir kamaysa nima,

Charx yaratar boshqa nusxasin.

Cho‘kib ketsa to‘fonda kema,

Pishiqrog‘in yasar ustasi.

To‘fonlardan seskanma, qalbim,

Qayiqlardek suzma qirg‘oqlab.

Kemaman deb ummonga talpin,

Yuz baloga o‘zingni chog‘lab.

© Anvar Obidjon

Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.

Aziza Qurbonova: “Barcha yaxshi va beg‘ubor she’rlar va asarlar uchun katta rahmat, Anvar Obidjon!”

Sevimli yozuvchimiz, samimiy va boladek ko‘ngli toza ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon vafot etibdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un...

Anvar Obidjon bolalar davrasida.

Foto: “Yoshlikjurnali.uz”

“Meshpolvonning sarguzashtlari” kitobini bolalikda yotib olib o‘qiganman. Usta Gulmati sarguzashtlari, o‘sha kitobdagi qiziqarli maqolalar esimda. O‘quvchilik paytimda Alisher Navoiy asarlariga qiziqmasdim, darsliklardagi bayonlarga tushunmasdim. Ammo Anvar Obidjon uning misralaridagi “payvandimni payvandimga bog‘langiz”, “qizilu sorig‘u yashil” degan so‘zlarni “Navoiy katta kashfiyotchi bo‘lganda, svarka haqida gapirganmikin, svetofor haqida aytmoqchi bo‘lganmi”, degan qiziq gaplarni qahramonlariga gapirtirib, bola aqlimni Alisher Navoiyga qiziqtirib qo‘ygandi...

Bolaligim kitoblari yodga tushib ketdi. Barcha yaxshi va beg‘ubor she’rlar va asarlar uchun katta rahmat, Anvar Obidjon! Oxiratingiz obod bo‘lsin!