O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 11-aprel kuni vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi. Shoir 73 yoshda edi.

Foto: “Fayzbog.uz”

Anvar Obidjon 1947-yilning 25-yanvarida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. 1964-yilda o‘rta maktabni tugatgach, Samarqand moliya texnikumida, 1969—1971-yillarda jamoa xo‘jaligida hisobchi, klub mudiri, tuman gazetasi, viloyat radiosida turli vazifalarda ishlagan.

Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini sirtdan tamomladi. 1981-yilda “Yosh gvardiya” nashriyotida, “Yosh kuch”, “Mushtum” jurnallarida ishlagan. Keyinchalik “Cho‘lpon” nashriyotida bosh muharrir, O‘zbekiston televideniyesida muharrir sifatida faoliyat olib borgan.

Anvar Obidjon bolalar adabiyotiga dastlab “Ona Yer” (1974), “Bahromning hikoyalari” (1984) to‘plamlari orqali shoir sifatida kirib kelgan. Uning “Masxaraboz bola” (1980), “Olovjon va uning do‘stlari” (1983), “Ey, yorug‘ dunyo” (1983), “Ketmagil” (1985), “Bezgakshamol” (1985), “Juda qiziq voqea” (1987), “Oltin yurakli avtobola” (1988), “Dahshatli Meshpolvon” (1990) kabi she’riy, nasriy kitoblari chop etilgan.

Keyingi yillarda “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “Pahlavonning o‘g‘irlanishi”, “Ramazon va Gulmat hangomasi” (1992), “Meshpolvonning janglari” (1994), “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri” (1996), “To‘tiqush”, “Topsang hay-hay…” kabi qissa, pesa va she’r, dostonlarini ham e’lon qilingan.

Anvar Obidjon 1997-yilda “Shuhrat” medali, 1998-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 2011-yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun ordeni” bilan taqdirlangan edi.

“O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, a’zolari Anvar Obidjonning oilasi, yaqinlari va adabiyot muxlislariga hamdardlik bildiradi. Marhumni Alloh rahmatiga olsin”, — deya qo‘shimcha qilingan Yozuvchilar uyushmasi axborotida.