AQSh prezidenti Donald Tramp “Xitoy va Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasiga” qaramay mamlakatning yetakchiligini namoyish etish istagida Italiyaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha memorandumni imzoladi. AQShda COVID-19 koronavirusi bilan kasallanish bo‘yicha 502 mingga yaqin holat qayd etilgan bo‘lsa, Italiyada — 147 mingdan ortiq, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: Reuters

“AQSh hukumatining birinchi darajali majburiyati amerikaliklar haqida qayg‘urish bo‘lishiga qaramay, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda Italiyaga ko‘rsatilgan yordam iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatishga, shuningdek, AQShning Xitoy va Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan dezinformatsiya kompaniyasiga qaramay, yetakchiligini namoyon etadi”, — deyiladi memorandumda.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Rossiya, Xitoy va Eronni koronavirus haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblagan edi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, ular AQShning COVID-19’ga qarshi kurash yo‘lidagi harakatlarini obro‘sizlantirishga uringan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Italiyaga bemorlarni davolash va binolarni dezinfeksiya qilishda yordami tegadigan harbiy mutaxassislarni yuborgan edi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel shundan so‘ng, Moskva va Pekin koronavirus pandemiyasidan o‘z ta’sirini kengaytirish yo‘lida foydalanayotganini ma’lum qilgandi. Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte Rossiya Rimga siyosiy maqsadlarni ko‘zlab yordam berayotgani to‘g‘risidagi fikrlarni “chuqur haqorat” deb atagan.