Yevropadagi eng yirik aviakompaniya Lufthansa koronavirus pandemiyasi sabab qancha moliyaviy mablag‘ yo‘qotayotganini ma’lum qildi. Kompaniya bosh direktori Karsten Sporning aytishicha, zarar soatiga taxminan bir million yevroni tashkil etadi, deb yozmoqda “Rte.ie”.

Foto: Spiegel

Sporning bayonotiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida Lufthansa tashkil qilinganidan beri hali kuzatilmagan eng katta muammoga duch keldi. Butun dunyoda kasallikka qarshi ko‘rilayotgan choralar sabab millionlab odamlar o‘z uylarida qolib, parvozlarni bekor qildi, oqibatda “aviatsiya sohasi tiz cho‘kishga majbur bo‘ldi”.

Ayni vaqtda Eurowings, SWISS, Brussels Airlines hamda Austrian Airlines kabi kompaniyalar boshqaruvini nazorat qiluvchi Lufthansa kuniga 3 ming nafardan ham kamroq yo‘lovchi tashimoqda, epidemiya boshlangunigacha ushbu raqam 350 ming nafarni tashkil qilardi.

“Biz haftalar davomida har kuni soatiga taxminan bir million yevro miqdoridagi mablag‘ni yo‘qotyapmiz. Ushbu inqirozni davlat ko‘magisiz yengib o‘tishimiz imkonsiz”, — deya ta’kidlagan Lufthansa bosh direktori kompaniya xodimlariga yo‘llagan videomurojaatida.

Shuningdek, u aviakompaniyalar guruhini qutqarib qolish uchun ular faoliyat olib borayotgan davlatlar hukumati vakillari bilan muzokara olib borish bo‘yicha muhokamalarni boshlagani haqida ham aytib o‘tdi. Muzokaralar Bern, Berlin, Bryussel va Venada o‘tkaziladi.

Lufthansa rahbari kompaniyaning inqirozni yengib o‘tish maqsadida moliyaviy zaxiralaridan to‘rt milliard yevro sarflaganini ham alohida qayd etdi. Biroq keyinchalik vaziyatning yomonlashuvi oqibatida xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilgan. Jumladan, Germanwings budjet parvozlari bekor qilingan va kompaniya flotidagi 40 ta samolyotdan voz kechilgan. Oxir oqibat yetti mingdan ziyod odam ishsiz qolgan. Ularning keyingi taqdiri nima kechishi borasida kasaba qo‘mitalari bosh qotirmoqda.

2019-yilda Lufthansa Group kompaniyasi Yevropadagi eng ommaviylashgan aviakompaniya deb topilgandi. O‘tgan yili Lufthansa Group tarkibiga kiruvchi aviakompaniyalar milliondan ortiq reysni amalga oshirgan va samolyotlarning o‘rtacha yuklamasi 80 foizdan ham ko‘proq edi.