Koreyaning 2018-yilda suratga olingan hamda Netflix platformasida namoyish etilgan “Terius mening orqamda” deb nomlangan serialida koronavirus tarqalishi prognoz qilingani aniqlandi, deb yozadi The Independent.

Foto: The Independent

Koronavirus haqida serialning o‘ninchi qismida so‘z boradi. Kasallikning inkubatsion davri ikki kundan ikki haftagacha davom etishi, virus nafas olish tizimini ishdan chiqarishi, hozirga qadar ushbu kasallikka qarshi vaksina ixtiro qilinmagani aytiladi.

Serialda virus SARS virusi bilan taqqoslanadi, uning “biokimyoviy terroristik hujum” maqsadida yaratilgani, u ko‘proq insonlarga yuqishi uchun sun’iy modifikatsiya qilingani ta’kidlanadi.

Kasallik besh daqiqa ichida bemor bilan aloqa qilinganida yuqishi, undan o‘lim darajasi 90 foizga yetishi ham prognoz qilingan. Serialda kattalar virus tarqalishidan qo‘rqib, bolalarga qo‘lni to‘g‘ri yuvishni o‘rgatadi.

Mart oyida qariyb o‘n yil avval suratga olingan “Epidemiya” (Contagion) filmidagi voqealar hozirgi pandemiya davrini eslatgani uchun u internetda eng ko‘p tomosha qilingan filmga aylangan edi.