2012-yilning avgustida Curiosity kosmik apparati Mars sayyorasining Geyl krateri yuzasiga qo‘ngan edi. Ayni vaqtda marsoxod Sharp tog‘ida bo‘lib, turli toshlar va tuproqlarning kimyoviy tarkibini aniqlash bilan band. Namunalarni yig‘ish uchun marsoxod manipulyator-qo‘llardan foydalanadi. 12-aprel kuni esa uning “qo‘llari”ni tozalash ehtiyoji tug‘ildi. NASA vakillari Curiosity apparati qanday qilib mustaqil ravishda “qo‘llari”ni tozalaganini so‘zlab berdi.

Foto: NASA

Bir qancha muddat davomida marsoxod Sharp tog‘ida joylashgan Edinburg quduqlari nomli hududdan namunalar yig‘ish bilan shug‘ullangan. NASA’ning ta’kidlashicha, manipulyatorni tozalash uchun Curiosity uni yuqoriga ko‘tarishi va shunchaki silkitishi kifoya. Bu vaqtda esa marsoxodning o‘zi ortga chekinib, chang va tuproq zarralarining pastga tushishiga imkon yaratib beradi.

“Suv va sovun yo‘qligi marsoxodni ‘yuvish’da qiyinchilik tug‘diradi, biroq biz baribir uning jihozlari maksimal darajada toza qolishini kuzatib kelamiz”, — deyiladi xabarda.

Manipulyatorni muntazam tozalab turish “Qizil sayyora”ning turli hududlaridan olingan namunalarning aralashib ketmasligiga xizmat qiladi. Curiosity kosmik apparati Marsdagi toshlar va tuproqnining kimyoviy tarkibini o‘rganishda APXS spektrometridan, fizik xususiyatlarini esa MAHLI kamerasi yordami o‘rganadi. Ushbu kamera yordamida apparat mart oyining oxirida selfiga ham tushgan edi.

Foto: NASA

Yaqin kunlar davomida Curiosity ChemCam kompleks jihozlardan faol foydalanishga o‘tadi. Uning yordamida marsoxod Edinburg qudug‘ining ichki devorlarini o‘rganadi, shuningdek, bir qancha joylarni suratga oladi.