Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida fermerlar bo‘sh shartnomaga muhr bosib, imzo qo‘yishga majburlanmoqda. Bu ishga hatto profilaktika inspektorlari-yu, mahalla raislari ham jalb qilingan.

Foto: “Daryo”

“Uyimizga Madiyor ismli profilaktika inspektori kelib, ‘pustoy’ shartnoma berdi va ‘pechat bosib, imzo qo‘yib berasiz dedi’. Shartnoma bo‘m-bo‘sh ekan. ‘Qanday shartnoma bu? Nega, ‘pustoy’ shartnomaga pechat uraman’, deb so‘radim. ‘Agar e’tirozingiz bo‘lsa, mahalla idorasiga boring’, dedi. Bordim. Borsam, tuman hokimi o‘rinbosari Akrom Aripov bor ekan. ‘Klaster tugatildi, kooperatsiya tuziladi, pechat bosib imzolab bering. Agar qarshilik ko‘rsatsangiz, yeringiz tuman zaxirasiga qaytariladi’, dedi. Yerimizni olib qo‘ymasin deb, ‘pustoy’ shartnomaga pechat urib, qo‘l qo‘yib berdik”, — deydi Qarshi tumani Hilol qishlog‘i hududida faoliyat yurituvchi fermerlardan biri.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan fermerlarning aytishicha, bu harakatlarning barchasi Prezident ishonch bildirgan tadbirkor rahbarligidagi klaster faoliyatini to‘xtatishga qaratilgan.

Foto: “Daryo”

“Tuman hokimligi mantiqsiz ishga qo‘l urdi. 2020-yilning yanvar oyida klaster bilan shartnoma tuzganmiz va o‘sha shartnoma haliyam o‘z kuchida. Bekor qilinmagan. Qolaversa, ayni kungacha yerimizni chigit ekishga tayyor qilib qo‘yganmiz. Endi chigit ekamiz deb turganda shartnomani o‘zgartirib, fermerlarni sarson qilishdan nima naf?”, — deydi fermer Haqqul Tursunov.

Haqqul Tursunov

Foto: “Daryo”

Noqonuniy shartnomani imzolatishga mas’ul “Hilol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saidahmad Karimov qilayotgan ishi xatoligini tan oldi va hokim o‘rinbosari fermerlar shartnomaga imzo qo‘ymasa, yerini tortib olishini aytganini tasdiqladi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri ushbu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, mahalliy rahbarlar bosimidan panoh so‘ragan klaster rahbari Nurbek Ergashev bilan suhbatlashdi.

Nurbek Ergashev

Foto: “Daryo”

Tadbirkorning aytishicha, Qarshi tumani hokimi paxta klasteridan g‘alla uchun 5 milliard 800 million so‘m mablag‘ o‘tkazishni talab qilgan. Rad javobini olgach, klaster sifatidagi faoliyatini tugatishga kirishgan.

“Tumandagi g‘alla hosilini oziqlantirish va g‘alla o‘rish kombaynlarini ta’mirlash uchun paxta yetishtirish maqsadida ajratilgan mablag‘dan 5 milliard 800 million so‘m to‘lab berishimni talab qilishdi. Tabiiyki, buni rad etdim. Sababi bizning tashkilot paxta klasteri hisoblanadi. Qolaversa, paxtaga ajratilgan pulni g‘allaga bersam, ertaga qanday javob beraman?”, — deydi Sulton tex group xususiy korxonasi rahbari Nurbek Ergashev.

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva klaster rahbaridan g‘alla uchun pul so‘raganini inkor qildi.

Maqsuda Mustafoyeva

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

“Klaster rahbari Nurbek Ergashev o‘zboshimcha, selektor yig‘ilishlariga chaqirsak-da, qatnashmaydi. Vakilini yuboradi. Vakili esa biz aytgan ishni bajarolmaydi. Telefon qilsak, javob bermaydi. Shu paytgacha tuman uchun na bog‘cha qurib bergan, na maktab. Hatto karantin paytida yordamga muhtoj odamlarga xayriya qilishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi”, — deydi Qarshi tumani hokimi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sulton tex group xususiy korxonasi 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2018-yildan boshlab to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqara boshlagan. Davlat rahbari 2018-yil 13—14-dekabr kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Sulton tex group xususiy korxonasi faoliyati bilan ham tanishgan. O‘shanda viloyatda paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan paxta to‘qimachilik klasteri tashkil etilayotganligini ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo”

“Muhtaram Prezidentimiz korxona tomonidan foydalanishga topshirilgan loyiha qiymati 17 million dollardan iborat ip yigiruv fabrikasi va Qarshi tumanida paxtani klaster usulida yetishtirish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar bilan tanishib, yuqori baho berdi hamda 2019—2020-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan trikotaj mato fabrikasi, tikuv fabrikasi, paxta tozalash zavodi va yog‘ ishlab chiqarish zavodi loyihalarini ma’qullab, tegishli topshiriqlar bergandi. Shu ishlarni bajarib kelyapmiz. Ammo mahalliy rahbarlar o‘zboshimchalik bilan noqonuniy talab qo‘yib, bosim o‘tkazishda davom etmoqda”, — deydi tadbirkor.

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyevaning aytishicha, klaster rahbari fermerlar bilan hisoblashmay qo‘ygan. “O‘zim 3-4 marta aytdim. Nurbekjon, suvchiga etik olib bering. Fonar olib bering. Niqob va antiseptik vositalar olib bering ,deb iltimos qildim. Ammo Nurbek Ergashev o‘zi bilganidan qolmadi”, — deydi Maqsuda Mustafoyeva.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan beshkentlik fermerlarning aytishicha, klaster rahbari monopoliyaga aylangan.

Foto: “Daryo”

“O‘tgan yili urug‘lik paxtamizni nam tushdi deb qabul qilmadi. Qolaversa, paxtamizni arzon baholaydi. Chigitni esa bizga qimmat narxda sotadi. O‘zimizda mavjud texnikalarimizni ishlatishga yo‘l qo‘ymaydi. ‘Hamma ishni o‘zimning texnikam bajaradi’ deya bizning texnikalarimizga yoqilg‘i bermaydi”, — deydi klaster faoliyatidan norozi fermerlar.

Fermerlarning aytishicha, ular har doim selektorlarda faol qatnashadi. Ammo klaster rahbari selektorga kelmaydi. “Biz fermerlar har selektorga kelib o‘tiramiz, ammo klaster rahbari kelmaydi. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz”, — deydi fermerlardan yana biri.

Foto: “Daryo”

Klaster faoliyatidan qoniqmayotgan fermer Shomurod Sultonovning aytishicha, tumanda bo‘m-bo‘sh shartnomaga muhr bosib, imzo qo‘yish odatiy hol. Bu sobiq hokim G‘ayrat Begaliyev davrida ham bir necha marotaba takrorlangan.

Fermer Tursunpo‘lat Haqberdiyevning fikricha, bo‘sh shartnoma tashabbuskori bo‘lmish fermerlar kooperatsiyasiga ham ishonch yo‘q. Eng ma’quli — hududda 4-5 ta klaster tashkil etilib, fermerni o‘z holiga qo‘yish.

Tadbirkor Nurbek Ergashevning aytishicha, g‘allaga pul berishi lozimligi haqidagi noqonuniy talab, nafaqat tuman hokimi, balki viloyat hokimligi tomonidan ham bir necha bor takrorlangan.

Foto: “Daryo”

“Tuman hokimi hamda viloyat hokimligi mas’ullarining gapiga rad javob berganim, noqonuniy talabni bajarmaganim menga qimmatga tushmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev viloyatga tashrifi chog‘ida meni chaqirib, ‘sen mening talabimni bajarmading, shuning uchun endi klastermassan’ deya shuncha mehnatimni bir og‘iz gapi bilan yo‘qqa chiqardi, — deydi tadbirkor Nurbek Ergashev. — Men Prezidentning adolatiga ishonib shuncha ish qildim. Xorijdan millionlab mablag‘ sarflab, texnika olib keldim. Agar klasterlik faoliyatim o‘zboshimcha rahbarlar gapi bilan tugatiladigan bo‘lsa, millionlab dollarga olib kelingan texnikalarim temir-tersakka aylanadi”.

Foto: “Daryo”

Aytilishicha, Nurbek Ergashev tashabbusi bilan 2019 va 2020-yilning o‘tgan davri mobaynida trikotaj mato fabrikasi, tikuv fabrikasi, paxta tozalash zavodi va yog‘ ishlab chiqarish zavodi ham ishga tushirilgan. Paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan 100 million dollar qiymatidagi 15 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Foto: “Daryo”

“Bugungi kunga qadar 40 million dollar miqdoridagi 7 ta loyihani amalga oshirib, 2280 ta yangi ish o‘rini yaratdik. Joriy yil yakuniga qadar 24 millionlik yana 4 ta loyiha va 2021-yilda 36 million miqdoridagi 4 ta loyiha ishga tushirilib, jami 3700 ta ish o‘rni tashkil etiladi”, — deydi Nurbek Ergashev.

Tuman hokimi yangi ish o‘rinlari tumanning o‘zida yaratilmaganiga e’tiroz bildirmoqda. “Ishga kelganimga bir oy bo‘lgan bo‘lsa, tumanda birorta yangi ish o‘rni yaratilganini ko‘rmadim”, — deydi Maqsuda Mustafoyeva. Tadbirkor esa 2019-yil tuman budjetiga salkam 29 milliard so‘m soliq to‘laganini aytmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yil 9-aprel kuni bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev raisligida majlis bayoni tuzilgan bo‘lib, unda Sulton tex group xususiy korxonasi rahbarligidagi klasterning 4 ta aybi sanab o‘tilgan va uning faoliyati to‘xtatilishiga sabab qilib ko‘rsatilgan.

Foto: “Daryo”

“Mazkur yig‘ilish bayonida biz haqimizda keltirilgan ma’lumotlar asossiz. Birinchidan, ‘paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlashning to‘liq siklini qamrab olgan qayta ishlash quvvatlari mavjud emas’, deyilgan. Holbuki, korxonadamizda paxtani chuqur qayta ishlashning barcha bosqichlari mavjud: paxta tozalash zavodi, tayyor kiyim-kechak tikuvchilik fabrikasi, paxta zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha biolaboratoriya, yog‘ ishlab chiqarish zavodi, ip yigiruv fabrikasi hamda trikotaj mato fabrikasi faoliyat yuritmoqda.

Ikkinchidan, ‘2020—2021-yillar uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar ishlab chiqilmagan’ deyilgan. 2020—2021-yillarda zamonaviy urug‘chilik sexi, sifat sertifikat laboratoriyasi, asal tayyorlash va qadoqlash sexi, ip yigiruv fabrikasi, to‘qima mato fabrikasi, bo‘yoq fabrikasi, chorvachilik loyihasi, sut va go‘shtni qayta ishlash zavodlari kabi yana 8 ta loyihani amalga oshirishni reja qilganmiz.

Uchinchidan, ‘Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lib, 2019-yilda 19,4 sentnerni tashkil etgan va 2018-yilga nisbatan 10,9 sentnerga kamaygan’ deyilgan. Qarshi tumanida 2018-yilda 15 700 gektar yer maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, 30 895,5 tonna hosil yetishtirilgan yoki 19,6 sentner hosildorlikka erishilgan. 2019-yil klaster tizimi joriy etilgandan so‘ng 15 000 gektar yer maydoniga paxta ekilib 30 647,3 tonna paxta yetishtirilgan yoki 20,4 sentner hosildorlikka erishilgan. Hosildorlik 2019-yilda 2018-yilga nisbatan 0,8 sentnerga oshirilgan.

To‘rtinchidan, ‘Fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmat narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta’minlanmayapti’ deyilgan. Korxona tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari narxi viloyat va tuman mashina-traktor parklari tomonidan belgilangan narxlardan past qilib belgilangan. Fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan mineral o‘g‘itlar va boshqa moddiy resurslar narxi ham tuman va viloyat ‘Agrokimyota’minot’ korxonalari tomonidan belgilangan narxlardan past narxda berilgan”, — deydi Nurbek Ergashev.

Tumanning Ipak yo‘li hamda Taxtapul hudududlaridagi fermerlar ham shartnoma tuzishda majburlash holatlari yuz berayotgani haqida shikoyat qilishdi.

Foto: Telegram

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva bo‘sh shartnomalar va fermerlarga profilaktika inspektorlari-yu, mahalla raislari tomonidan bosim bo‘layotgani haqidagi savolimizni ochiq qoldirdi va keyinroq javob berishini aytdi.