AOKA huzuridagi maxsus shtabda tashkil etilgan brifingda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Ramazon oyida taroveh va juma namozlarini uyda o‘qish masalasidagi savolga javob berdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”/Madina Nurman

“Taroveh namozi sunnati muakkada (Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning har doim bajarib, juda kam holatlarda tark qilgan sunnati) namozi bo‘lib, hozirgi karantin vaqtida uni masjidda ado qilish imkoniyati bo‘lmagani bois, uyda yolg‘iz ado etish ham joiz. Lekin xonadon ahli bilan jamoat bo‘lib ado qilish afzaldir. Taroveh namozida imomdan tashqari bir kishi bo‘lsa, jamoat bilan ado qilganning savobiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, juma kuni oila ahli bilan jamoat bo‘lib peshin namozini o‘qish haqidagi savolga javob berar ekan, Musulmonlar idorasi vakili karantin vaqtida bu amal joiz ekanligini ta’kidladi.

“Hozirgi kunda masjidlarimiz karantin sababli yopilgani uchun juma namozining o‘rniga uyda peshin namozi o‘qilmoqda. Chunki bu holatda jumaning durust bo‘lish shartlaridan biri umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lmayapti. Juma namozi masjidlarda o‘qilib turgan paytlarda uzrli va uzrsiz kishilarning uyda peshinni jamoat bo‘lib o‘qishlari makruhdir, ya’ni joiz emas. Chunki bu ishlarda jumaning jamoatini kamaytirish va buyruqqa qarshi yo‘l tutish bordir. Karantin holatida esa oila ahli, farzandlar bilan peshinni jamoat bo‘lib o‘qishda jumaning jamoatini kamaytirish ham, buyruqqa qarshi yo‘l tutish ham mavjud emas”, — dedi Homidjon Ishmatbekov.