Koronavirus bilan xastalanib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolangan yana 20 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular 16-aprel kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan edi. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 10 nafari ayollardir.

Ularning 11 nafari Toshkent shahri, 4 nafari Samarqand viloyati, 2 nafari Jizzax viloyatidan, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafardan fuqaro tuzalganlar qatoridan o‘rin olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 21 yoshda. Buxoro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 8 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 28 nafarga yetdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha. 16-aprel kuni yana bir qator shifoxonalarda sog‘aygan bemorlarning reabilitatsiyaga kuzatilishi kutilmoqda. Ayni paytga qadar O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 127 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.

O‘zbekistonda 16-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1349 nafarga yetdi. O‘zbekistonda o‘tgan bir oy davomida koronavirusga chalingan bemorlarning to‘rt nafari vafot etdi, 15-aprel kuni koronavirusdan tuzlaganlar soni 107 kishiga yetgan edi. Bundan tashqari, xorijda kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan, ularning uch nafari vafot etgan.