Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 16 aprel, payshanba kuni, koronavirus infeksiyasiga chalingan yana bir nafar bemor butunlay sog‘ayib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ma’lum qilinishicha, sog‘aygan 33 yoshli bemor 22-mart kuni charter reys orqali Rossiyadan Xorazmga kelgan va karantinga olingan edi. Unda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Uning tuzalishida, shu bilan birga, boshqa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarda samarali davolash muolajalari olib borishda mazkur shifoxona tibbiyot xodimlarining birdamlikda olib borayotgan sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Vazirlikga ko‘ra, ayni paytga qadar O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 128 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.

O‘zbekistonda 16-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1349 nafarga yetdi. O‘zbekistonda o‘tgan bir oy davomida koronavirusga chalingan bemorlarning to‘rt nafari vafot etdi, 15-aprel kuni koronavirusdan tuzalganlar soni 107 kishiga yetgan edi. Bundan tashqari, xorijda kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan, ularning uch nafari vafot etgan.