Amerikalik reper va qo‘shiqlar muallifi Pitbull (Armando Kristian Peeres Akoosta) I believe that we will win (Ishonaman, biz g‘alaba qozonamiz) qo‘shig‘ini taqdim etdi. Qo‘shiqda insoniyatning koronavirus ustidan g‘alabasi haqida kuylanadi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: Getty Images

“Istalgan turdagi virusdan tez tarqaladigan narsa nima ekanligini bilasizmi? Qo‘rquv. Gap u haqda ketganida siz hamma narsa haqida unutib qochishingiz yoki o‘rningizdan turib kurashishingiz mumkin. Sizga men nimaga ishonishim haqida aytishimga izn bering: biz hammasini yengib o‘tamiz va oyoqqa turamiz. G‘alaba qozonamiz”, — deb kuylaydi Pitbull.

Tarona sport musobaqalaridagi fanatlarning qiyqirig‘i ruhida kuylangan.

“Biz bu pandemiyani yengamiz”, “Birgalikda yengishimizga ishonchimiz komil”, “Hozir aynan shunday musiqa bizga kerak”, deya izohlagan YouTube foydalanuvchilari.

Qayd etilishicha, ushbu qo‘shiqdan tushgan mablag‘ Feeding America (AQShning och aholisiga ovqat yetkazib berish) va Tony Robbins Foundation (keksa insonlar, bolalar, mahkumlar hayotini yaxshilash) xayriya jamg‘armalariga yo‘naltiriladi.