Surxondaryo viloyatida 23 nafar fuqaroning koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani aniqlangan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Boboxon Shukurovning ma’lum qilishicha, viloyatda qayd etilgan 23 nafar bemorning 20 nafari 28-mart kuni Moskva shahridan charter reys bilan Termizga olib kelingan fuqarolar hisoblanadi. Mazkur reys yo‘lovchilari Angor tumanida karantinga olingan edi. Aniqlangan 23 nafar bemorning 3 nafari esa mamlakatlararo qatnaydigan yuk mashinalari haydovchilari hisoblanadi.

Kasallik aniqlanganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyati, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida yashovchi fuqarolar sanaladi. Shuningdek, bemorlar orasida besh nafar surxondaryolik ham bor.

Ayni paytda barcha bemorlar Termiz shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida tegishli muolajalarni olmoqda. Davolash ishlari belgilangan standartlar va videokonsiliumlar asosida malakali shifokorlar tomonidan olib borilmoqda. Uch nafar bemorning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Qolganlarining ahvoli nisbatan qoniqarli.

O‘zbekistonda karantin joriy etilganidan buyon Surxondaryo viloyatida 15 768 nafar fuqaro statsionar va uy sharoitida kuzatuvga olingan. Hozirgacha ularning 9839 nafarida kasallik alomatlari aniqlanmagani sababli karantindan chiqarildi. Shu kunlarda 5119 nafar fuqaro o‘z uyida, 810 nafar fuqaro statsionar tartibda karantin muddatini o‘tamoqda.

O‘zbekistonda 16-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1349 nafarga yetdi. Mamlakatda o‘tgan bir oy davomida koronavirusga chalingan bemorlarning to‘rt nafari vafot etdi, koronavirusdan tuzlaganlar soni 129 kishini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, xorijda kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan, ularning uch nafari vafot etgan.