Britaniyalik musiqachi, Queen rok-guruhining gitarachisi Brayan Mey koronavirus pandemiyasi odamlar ko‘p go‘sht iste’mol qilayotgani sabab boshlanganini ma’lum qildi. By haqda NME jurnali xabar beradi.

Foto: NME

Meyning fikricha, dunyoda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar ko‘pchilikni tabiatga nisbatan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga majburlaydi. Ayniqsa, ilk bemor Uxandagi ekzotik hayvonlarni sotish va ulardan taom pishirish bilan shug‘ullanuvchi bozorda sodir bo‘lgani hisobga olinsa (ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan — tahr.).

“Aftidan, pandemiya rostdan ham hayvonlarni yeydiganlardan tarqalgan ko‘rinadi. Go‘sht iste’mol qilish — sog‘liq uchun foydali emasligiga yana bir bora amin bo‘ldim”, — deya ta’kidlaydi musiqachi.

Yanvar oyida Mey vegetarianga aylangan bo‘lib, hozirda bunga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

“Uch oydan buyon shunday hayot tarzida yashamoqdaman. Avval boshida bu men uchun tajriba edi. Har qalay uzoq vaqt hayvonlar himoyachisi bo‘lganman, ammo vaqti-vaqti bilan go‘sht yeb turardim. Mana endi ko‘rib turganimizdek, hayvonlarni yeyish insonlarni tiz cho‘ktirdi. Shu sababli, o‘ylashimcha, boshqa turlarni yo‘q qilib yubormaslik uchun dunyomizni qayta tadqiq etish vaqti keldi”, — deydi Mey.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning oktabrida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov mamlakatda go‘sht narxining oshishiga “biz juda ko‘p go‘sht yeyapmiz” deya izoh bergan edi.