Turkmaniston ayni vaqtga qadar mamlakatda COVID-19 kasalligi bo‘yicha birorta holat qayd etilganini rasman tan olmadi va kasallik aniqlangan holatda ham buni tasdiqlamasligi mumkin. Bu haqda AQShning Turkmanistondagi elchixonasi 16-aprel kuni ma’lum qilgan.

Foto: “Varlamov.ru”

Ta’kidlanishicha, mamlakatning turli nuqtalarida, xususan, ayrim do‘konlarda aholining tana harorati o‘lchanmoqda.

Diplomatik missiyaning qayd etishicha, Turkmanistondagi tibbiyot protokollari Amerika standartlariga javob bermaydi va ayrim shaxslardan COVID-19’ga aloqasi yo‘q tibbiy ko‘rikdan o‘tish yoki qon topshirish talab qilinmoqda. Shu sababli AQSh elchixonasi o‘z fuqarolariga invaziv bo‘lmagan tibbiy tekshiruvlar yoki haroratni o‘lchashdan tashqari har qanday qoloq tibbiy muolajalardan bosh tortishni tavsiya qiladi.

Avvalroq Turkmanistonning Turkmanobod shahridagi karantin zonasida COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan yetti kishi saqlanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, bemorlarni davolashda H1N1 cho‘chqa grippi vaksinasidan, shuningdek, kislorod yostiqchalaridan foydalanilmoqda.

Mart oyining oxirlarida Lebob viloyatidagi amaldorlar yangi turdagi COVID-19 koronavirusidan himoyalanish maqsadida o‘z oilalarini Repetek qo‘riqxonasiga joylashtirgani ma’lum bo‘lgandi. Aprel oyining boshlarida esa Turkmanistondagi karantin zonasidan 15 kishi qochib ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi.