Tojikiston Ulamolar kengashi 18-apreldan boshlab Ramazon oyida koronavirus tarqalishining oldini olish munosabati bilan mamlakat masjidlarida jamoat, jumladan, juma va taroveh namozlarini o‘qishni taqiqladi. Bu haqda Ulamolar kengashining 2-sonli farmoyishida so‘z boradi, deb xabar qildi Asia-Plus.

Foto: Asia-Plus

Farmoyishda ta’kidlanishicha, ushbu choralarning barchasi mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Ulamolar kengashi bunga islom davlatlarini, xususan, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Eron, Pokistonni misol qilib keltirgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda ham shu turdagi cheklov choralari qabul qilingan.

“Shuningdek, mamlakatda jamoat namozlarini ham vaqtincha to‘xtatish kerak”, — deyiladi farmoyishda. Qayd etilishicha, Ramazon oyida biron-bir yig‘in: taroveh, iftor va boshqa tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

Tojikiston Ulamolar kengashi 4-mart kuni mamlakat aholisiga koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida masjidlarga borishdan tiyilishni tavsiya qilgandi. Faqatgina dafn marosimlariga ruxsat etilgan edi. Biroq 20-martdan boshlab Tojikiston Din qo‘mitasi aholi masjidlarda namoz o‘qishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda pnevmoniyadan to‘rtinchi bemor vafot etgan va unga qaragan shifokorlar karantinga olingan. Shunga qaramay, mamlakat hali ham koronavirus rasman qayd etilmagan.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan mamlakat aholisiga murojaat va chaqiriq bilan chiqib, mamlakatda juma namozlari vaqtincha o‘qilmasligini ma’lum qilgandi.