Bugungi kun olimlari yangi turdagi koronavirusdek virusni sun’iy tarzda yaratish uchun yetarli bilimga ega emas. Bu haqda Uxan virusologiya instituti rahbari Yuan Chjimin ma’lum qildi, deb yozmoqda CGTN.

Foto: Reuters

“Men hech qachon insoniyatning hozir bu kabi virusni yarata oladigan salohiyatga yetganiga ishonmayman”, — degan Chjimin. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning laboratoriya sharoitida yaratilgani yuzasidan hech qanday dalil va asos yo‘q.

“Ancha avval ham virusning Xitoydan atayin tarqatilmagani haqida gapirganmiz. Institut mutaxassislari tajribalar tartibi qanday ekani va namunalar bilan ishlashda qanday tartiblarga rioya qilish kerakligini yaxshi biladi”, — deya ta’kidlagan virusolog.

Yanvar oyi oxirida AQSh respublikachi-senatori Tom Kotton koronavirusning sun’iy ravishda yaratilganini taxmin qilgan va Uxanda XXRda yagona 4-darajadagi, dunyo bo‘yicha eng xavfli patogen mirkoorganizmlar ustida ishlovchi superlaboratoriya mavjudligini bildirgandi. Bundan tashqari Fox News telekanali ham koronavirusning Uxanda laborator sharoitda yaratilganini taxmin qilgan. Telekanal koronavirusning kutilmaganda institut xodimlaridan biri tasodifan infeksiyani yuqtirib olishi oqibatida tarqalib ketgani bo‘lishi mumkinligi haqidagi gipotezani ilgari surgan.

XXR Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan esa ushbu taxminlarga javoban Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning sun’iy sintez oqibatida paydo bo‘lganligini tasdiqlamaganini qayd etgan. Diplomatning aytishicha, tashkilot ekspertlari infeksiyaning odam tomonidan laborator sharoitda yaratilgani yuzasidan dalillar topmagan.

Avvalroq fransiyalik virusolog, Nobel mukofoti sohibi Lyuk Montanye ham virusning Uxandagi laboratoriyada ishlab chiqilgani haqida fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning bozordagi yovvoyi hayvonlardan tarqalgani haqidagi taxmin chiroyli afsona va bu ilojsiz narsa, “Virus Uxandagi laboratoriyadan chiqqan”, — degan u.