Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus kelib chiqishi hayvonlarga borib taqaladi, deb hisoblamoqda. Bu haqda JSSTning rasmiy vakili Fadela Chaib Jenevada o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilgan.

Foto: AP Photo

“Mavjud barcha dalillar ushbu virus hayvonlardan kelib chiqqanligini ko‘rsatmoqda. Virus yaratilmagan, u bilan laboratoriya tajriba o‘tkazilmagan. Katta ehtimol bilan uning ekologik manbai ko‘rshapalaklardir. Biroq virus qanday yo‘l bilan odamga yuqqanini aniqlash zarur”, — degan u va hozircha bunga sabab bo‘lgan “o‘rtakash” topilmaganini ta’kidlagan.

Fadela Chaibning aytishicha, JSST virusning kelib chiqishini aniqlash borasida barcha mamlakatlarning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni paytda bu borada mutaxassislarning bir necha guruhi ish olib bormoqda. “Barchamiz nazariyaga emas, balki faktlarga e’tibor qaratishimiz kerak”, — deb ta’kidlagan u.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida AQSh respublikachi-senatori Tom Kotton koronavirusning sun’iy ravishda yaratilganini taxmin qilgan va Xitoyda yagona 4-darajadagi, dunyo bo‘yicha eng xavfli patogen mirkoorganizmlar ustida ishlovchi superlaboratoriya mavjudligini bildirgandi.

Bundan tashqari, Fox News telekanali ham koronavirusning Uxanda laborator sharoitda yaratilganini taxmin qilgan. Telekanal koronavirusning kutilmaganda institut xodimlaridan biri tasodifan infeksiyani yuqtirib olishi oqibatida tarqalib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gipotezani ilgari surgan.

Nobel mukofoti sohibi Lyuk Montanye ham virusning Uxandagi laboratoriyada ishlab chiqilgani haqida fikr bildirgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan esa ushbu taxminlarga javoban Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning sun’iy sintez oqibatida paydo bo‘lganligini tasdiqlamaganini qayd etgan. Uxan virusologiya instituti rahbari Yuan Chjimin bugungi kun olimlari yangi turdagi koronavirusdek virusni sun’iy tarzda yaratish uchun yetarli bilimga ega emas, deb aytgan.

Pentagon COVID-19 koronavirusi laboratoriya sharoitida emas, balki tabiiy usulda kelib chiqqan deb hisoblamoqda, ammo razvedkada bu borada yakuniy xulosalar yo‘q.