AQSh KXDR yetakchisi Kim Chen Inning sog‘lig‘i jarrohlik amaliyotidan so‘ng yomonlashgani to‘g‘risidagi razvedka ma’lumotlarini o‘rganmoqda. Ta’kidlanishicha, Kim Chen In jiddiy xavf ostida bo‘lishi mumkin. Bu haqda CNN telekanali ismini oshkor qilmagan amerikalik amaldorga tayanib, xabar berdi.

Foto: NKphoto

Telekanalning boshqa manbalari ham Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan, biroq Kim Chen Inning sog‘lig‘i qanchalik xavf ostida ekanligini baholash imkonsiz. Amerika hukumati ushbu holatga rasman izoh bermagan.

Yonhap agentligining ma’lum qilishicha, Janubiy Koreyada Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Daily NK’ning yozishicha, Kim Chen Inda 12-aprel kuni yurak-qon tomir tizimiga bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, hozirda KXDR yetakchisi sog‘lig‘ini qayta tiklamoqda.

CNN’ning ma’lum qilishicha, Kim Chen In so‘nggi marta 11-aprel kuni ommaga ko‘rinish bergan. Shuningdek, u Kim Ir Sen tug‘ilganiga 108 yil to‘lishi munosabati bilan 15-apreldagi marosimni o‘tkazib yuborgan.

18-aprel kuni Tramp Oq uyda o‘tkazilgan brifing chog‘ida Kim Chen Indan “yaxshi maktub” olganini hamda KXDR rahbari bilan yaxshi munosabatda ekanligini bildirgan. Biroq Kim Chen In AQSh prezidentiga hech qanday maktub yozmaganini ma’lum qilgan.