Leksikograflar Oksford lug‘atining so‘z boyligini qayta ko‘rib chiqdi va unga koronavirus pandemiyasi sababli paydo bo‘lgan neologizmlarni kiritdi, deb xabar beradi The Guardian.

Foto: The Telegraph

Ingliz tilining eng yirik lug‘ati bo‘lgan Oksford lug‘atida social distancing (“ijtimoiy masofalanish”), self-isolation (“o‘zini yakkalash”) kabi tushunchalari va WFH (work from home — “uydan ishla”) qisqartmasi paydo bo‘ldi.

“Bunday qisqa vaqt ichida bitta so‘zdan (COVID-19) foydalanishning keskin o‘sishi va uning tilda ustunlik qilishi juda kamyob hodisa”, — deb ma’lum qilgan Oksford lug‘ati muharriri Bernadett Peton.

COVID-19 so‘zining o‘zi quyidagi ta’rif bilan neologizmlar qatoridan o‘rin olgan: “koronavirus yuzaga keltiradigan, ayniqsa, keksalar va yondosh kasalligi mavjud kishilarda og‘ir holatlarga va hatto o‘limga sabab bo‘ladigan, odamlardagi o‘tkir respirator kasallik”.

Qayd etilishicha, boshqa kishilar kabi leksikograflar ham uydan ishlamoqda. Ular pandemiya sababli yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni qayd etadi hamda u yoki bu so‘z va birikmani lug‘atga kiritish bo‘yicha taklif kiritadi.

Ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda koronavirus yoki COVID-19 foydalanish bo‘yicha tilda ustunlik qilmoqda. 2019-yil dekabr oyida Brexit va “impichment” so‘zlari eng ko‘p qo‘llanilgan. Yanvar oyida esa eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar qatoridan “koala”, bushfire (vayronkor o‘rmon yong‘inlari), “Iroq”, “chigirtka” va “qotillik” so‘zlari o‘rin olgan.