AQShning Nyu-York shtatida uyda boqilayotgan ikki mushukda koronavirus qayd etildi. Bu haqda AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) vakillari bergan ma’lumotga tayanib Associated Press xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Qayd etilishicha, bu — AQShda uy hayvonlarida koronavirus borligi tasdiqlangan birinchi holat. Virus odamdan yuqqan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mushuklarda nafas olish kasalligining yengil belgilari kuzatilmoqda. Mushuklar shtatning turli qismlarida joylashgan.

CDC vakili Keysi Bartonning ta’kidlashicha, hozircha hayvonlar odamlarga virus yuqtirishi mumkinligi haqida dalillar yo‘q. “Biz odamlar vahima qilishlarini xohlamaymiz. Ular uy hayvonlaridan qo‘rqishini istamaymiz”, — degan u. Shu bilan birga, CDC mutaxassislari pandemiya paytida o‘z itlari va mushuklarini boshqa uy hayvonlariga, shuningdek, begona odamlarga yaqinlashtirmaslikni tavsiya qilgan.

Avvalroq Nyu-Yorkdagi Bronks hayvonot bog‘ida yo‘lbars koronavirus yuqtirib olgani xabar berilgan edi. Bu — dunyoda yo‘lbarsning koronavirusga chalinishi bilan bog‘liq birinchi holat, AQShda esa hayvonning koronavirus yuqtirib olgani aniqlangan birinchi holat edi. Hayvonot bog‘ida yo‘lbarsga mazkur infeksiya uni parvarishlayotgan xodimdan yuqqan bo‘lishi mumkin, deb hisoblanmoqda.