Nyu-Yorkda yashovchi fotograf Stiv Sands amerikalik aktrisa, xonanda, prodyuser va tadbirkor Jennifer Lopes ustidan sudga arz qildi, deb yozadi E!News.

Foto: Daily Mail

Sands Jey Lo va uning Nuyorican Productions prodyuserlik kompaniyasini u olgan suratdan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda. Gap fotograf 2016-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Ko‘k rang jilosi” serialining suratga olish jarayonida olgan rasm haqida ketmoqda.

Bir yildan so‘ng Jennifer Lopes o‘sha rasmni Instagram’dagi sahifasida e’lon qilgan. Sandsning ta’kidlashicha, u surat muallifini ko‘rsatmagan va unga pul to‘lamagan.

Stiv Sands olgan surat.

Foto: Instagram / @jlo

Stiv Sands da’vo arizasida 50 yoshli Lopes uning suratidan shaxsiy brendini rivojlantirish uchun foydalanganini ko‘rsatgan. Jey Loning Instagram’da qariyb 120 million folloveri bor, aynan Sands olgan suratga esa 600 mingta “layk” bosilgan.

Fotograf 150 ming dollar miqdorida kompensatsiya talab qilmoqda.

Jennifer Lopesning vakillari hozircha vaziyatga hech qanday izoh bermagan. Shuningdek, surat ijtimoiy tarmoqdan o‘chirib ham tashlanmagan.