Moskvadagi barcha tibbiyot xodimlari koronavirusga qarshi antitanaga ega ekanliklarini bilish uchun ekspress-test topshiradi. Bu haqda Moskva vitse-meri Anastasiya Rakovaga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Ta’kidlanishicha, test nafaqat kasallarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan kasalxona va statsionarlarda ishlovchi xodimlardan, balki boshqa shifoxona va poliklinika shifokorlaridan ham olinadi.

“Biz shahar kasalxonalarida sinovdan o‘tib, yaxshi natija ko‘rsatgan ikki turdagi ekspress-testlardan foydalanamiz”, — deydi Rakova.

Vitse-merning aniqlik kiritishicha, test uchun material sifatida barmoqdan oz miqdorda qon namunasi olinadi. “Ekspress-testlar qonda virus borligini aniqlamaydi, ular insonning nafaqat kasal ekanligini, balki oldin ham kasal bo‘lgan yoki bo‘lmagani, unda infeksiyaga qarshi antitana paydo bo‘lganini bildiruvchi immunoglobulinni aniqlaydi”, — deydi Rakova.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 68 mingdan, virus qurbonlari soni esa 600 dan oshgan.

Avvalroq O‘zbekistonda fuqarolar koronavirusga antitanachaga ega ekanliklarini bilish uchun tahlil topshirishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, yangi e’lon qilingan karantin tartibiga muvofiq, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablarga rioya qilgan holda hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020-yil 1-sentabrga qadar koronavirus infeksiyasini laborator tekshirish bo‘yicha pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishlariga ruxsat berilgan edi.