AQSh prezidenti Donald Tramp KXDR yetakchisi Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

“O‘ylashimcha, ushbu ma’lumotlar xato. Kelinglar, sizlarga shuni aytaman. O‘ylashimcha, CNN xato ma’lumotni e’lon qilib yuborgan. Ular bunda (mazkur yangilik uchun) eski hujjatlardan foydalanganini eshitdim. Ushbu xabar xato ekanligini ham eshitdim va umid qilamanki, u chindan ham xato”, — deydi Tramp.

Avvalroq CNN telekanali AQSh KXDR yetakchisi Kim Chen Inning sog‘lig‘i jarrohlik amaliyotidan so‘ng yomonlashgani to‘g‘risidagi razvedka ma’lumotlarini o‘rganayotganini ma’lum qilgandi. Prezident Donald Tramp esa Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risidagi xabarlarga javob berar ekan, CNN’ga unchalik ishonmasligini bildirgan.

Ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 2019-yildan buyon hokimiyatni topshirish uchun favqulodda reja tayyorlanmoqda. Mamlakat tepasiga amaldagi rahbar Kim Chen Inning o‘rniga uning singlisi Kim Yo Chjon kelishi mumkin.