G20’ga kiruvchi davlatlarning yetakchilari ishtirokida 24-aprel kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan videokonferensiya so‘nggi daqiqalarda AQSh va Xitoyning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti borasidagi tortishuvi sabab qoldirilgan. Bu haqda The South China Morning Post uchrashuvni tashkillashtirishga tayyorgarlik ko‘rgan manbasiga tayanib xabar berdi.

Foto: AP Photo

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington JSSTdan COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi qo‘llagan dastlabki choralari to‘g‘risida hisobot berishini talab qilgan. O‘z navbatida Pekin tashkilot faoliyatining surishtiruvini muhokama qilishdan bosh tortgan.

“Shu sababli konferensiya so‘nggi daqiqalarda bekor bo‘ldi”, — deydi manba. Biroq tomonlar keyinchalik JSST borasida murosaga kelishi yoki yakuniy bayonotda tashkilotga doir biror qarorda to‘xtalishini rad etmagan.

Ta’kidlanishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin ishtirokida ikkinchi videokonferensiya o‘tkazish rejalari haqida rasman ma’lumot yo‘q.

24-aprel kuni COVID-19 profilaktikasi va uni davolash, tashxisi uchun xavfsiz va samarali vaksina hamda xavfsiz testlarni ishlab chiqarishga bag‘ishlangan onlayn-yig‘ilishda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Angela Merkel va Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa ishtirok etgan. Biroq bir qator davlatlar, shu jumladan, AQSh, Xitoy, Hindiston va Rossiya bu tadbirda qatnashmagan.

Avvalroq AQShning G20’dagi vakili mamlakat konferensiyada qatnashmasligini bildirgan. Shu bilan birga, u Vashingtonning sog‘liqni saqlash, shu jumladan, koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga qiziqishi haqida shubha bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan. Vakilning ta‘kidlashicha, AQSh tomoni JSSTning faoliyatidan xavotirda, chunki uning jiddiy muvaffaqiyatsizliklari pandemiyaning kuchayishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp aprel oyining o‘rtalarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirishni to‘xtatgan. Xitoy esa JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishini ma’lum qildi.