Turkmanistonda COVID-19 pandemiyasi fonida ham aholi Ramazon oyida masjidlarga borishni davom ettirmoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Mamlakatdagi musulmonlarning aytishicha, ular masjidlarga muntazam tashrif buyurmoqda, barcha diniy tadbirlar odatiy tarzda o‘tkazilmoqda, koronavirus pandemiyasi tufayli hech qaday cheklovlar yo‘q. Ularning so‘zlariga ko‘ra, odamlar bemalol juma namozlari, taroveh namozlarida qatnashishi mumkin.

Qayd etilishicha, Ramazon oyining birinchi kunida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zi namuna bo‘lib, Ashxoboddagi “Hazrati Umar” masjidida o‘zi yozgan kitoblar savdosidan tushgan pulga xayriya sifatida iftorlik qilib bergan. Mahalliy telekanalda namoyish etilgan kadrlarga ko‘ra, unda 100 ga yaqin odam ishtirok etgan.

O‘zbekistonda esa Ramazon oyidagi taroveh namozlarini uyda o‘qish tavsiya qilingan. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham shu turdagi cheklov choralari qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda koronavirus rasman qayd etilmagan. Hukumat mamlakatda kasallik yo‘qligini ta’kidlamoqda. 23-aprel kuni Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredev ham mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar yo‘qligini e’lon qilgan. Ko‘plab materiallarda bunga karantin choralari vaqtida qo‘llanilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, rasmiy OAV ushbu choralar haqida batafsil ma’lumot bermagan.

G‘arbda ushbu harakat axborotni yashirish ekanligi haqida ochiq gapirilmoqda. Rossiyada ham Turkmaniston hukumatining bergan ma’lumotiga shubha bilan qaralmoqda, biroq bu borada rasmiy munosabat bildirilmagan. Shuningdek, OAVda Turkmanistonda yetti kishida koronavirus aniqlangani, kasallikdan bir kishi vafot etgani, marhum haqidagi ma’lumotlar qat’iy sir saqlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.