Tarixda insoniyat turmush tarzini ostin-ustun qilib tashlashda hozirgi koronavirusdan ko‘ra ming barobar ko‘proq g‘ayrat ko‘rsatgan kasallik davrlari ham mavjud. Pandemiya sharoitida karantinda o‘tirarkanmiz, bundan dahshatliroq kechgan jahon tarixidagi ikkinchi pandemiyani eslashga qaror qildik. “Daryo” tarix mexanizmini yangidan ishga tushirgan qora o‘lat haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

XIV asr Yevropa... Juda bir g‘alati davrlar bo‘lgan. Ming yil davomida o‘rta asrlar davom etar va birdan ochlik, urush, o‘lat va o‘lim asri kirib kelgan edi. Qora o‘lat hamma narsani o‘zgartirib tashlagan kasallik edi. XIV asr Yevropada buyuk falokatlar asri bo‘ldi. Insoniyat tarixdagi eng uzoq davom etgan urush va eng qirg‘inbarot epidemiya davriga duch keldi. Bu falokatlardan tashqari, katolik cherkovining chuqur bo‘linishi va yemirilishi asri bo‘lib ham tarix sahifalariga kirdi. Urushlarning va diniy inqirozning sababi so‘zsiz insoniyat ahmoqligi bo‘lsa, vaboni keltirib chiqargan boshqa muammolar ham bor edi...

Qora o‘latning paydo bo‘lish sabablari

Qora o‘latning paydo bo‘lishi va tarqashi inson omiliga ko‘p ham bog‘liq bo‘lmagan. Aytishlaricha, hammasiga sabab kemiruvchilar... Ha, kichkinagina, momiqqina kemiruvchilar. Ammo kemiruvchilar, albatta, insonlarga o‘lim olib kelishni o‘zlari xohlab tanlamagan. Ayrim olimlarning fikricha, bunga sabab iqlim o‘zgarishi edi. Aynan XIV asrda Atlantik okeanidagi iliq Golfstrim oqimi o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan va bu narsa global iqlim o‘zgarishlariga olib kelgan. 1310-yillarga kelib esa Yevropada haqiqiy ekologik falokat boshlandi.

1311-yildagi doimgiday issiq yoz faslidan keyin juda sovuq va yomg‘irlarga boy yoz fasli kela boshladi. Endi tasavvur qiling, o‘sha davrning yozlarida Yevropada havo harorati juda kam paytlardagina 12 gradusdan ko‘tarilar, qishlar esa aql bovar qilmas darajada juda sovuq kelardi. Hattoki iliq Italiyada ham qishda shu darajada ko‘p qor yog‘ar va sovuq bo‘lar ediki, odamlar zo‘rg‘a jon saqlardi. Francheska Petrarka va o‘sha mashhur Jovanni Bokachcho asarlaridan ham bu haqida o‘qish mumkin. Natijada iqlim o‘zgarishi misli ko‘rilmagan ocharchilikka olib keladi. Shundoq ham ofatlar yetarli, lekin tabiat jahl otiga mingan edi.

Iqlim o‘zgarishi natijasida hozirgi Mo‘g‘uliston hududida joylashgan Gobi sahrosida yashovchi yumronqoziqlar, ko‘rsichqonlar va boshqa turdagi kemiruvchilar tabiiy yemaklaridan mahrum bo‘lgan. Bu shovvozlar o‘z navbatida tabiatning mukammal kasallik tarqatuvchi mexanizmlari hisoblanadi. Bir joyga yig‘ilib qolgan haddan ortiq kemiruvchilar orasida kasallik tarqala boshlaydi.

Kasallikning keng tarqalishida madaniy faktor ham katta rol o‘ynagan, albatta. Mo‘g‘ullar orasida sug‘ur go‘shti delikates hisoblangan. Uning yungi esa juda qadrlangan. Natijada epidemiya insonlarga ilk marta yuqishni boshladi. Qora o‘lat o‘lim mashinasi 1320-yilga yaqin ishga tushdi. U Buyuk ipak yo‘li orqali Xitoy va Hindistonga yo‘l oladi va u yerda aholining katta qismini qirib yuboradi. Keyin mo‘g‘ullar bilan birga qora o‘lat 1347-yilda Qrimga kirib keladi.

Qora o‘latning tarqalishi.

Foto: Wikipedia

Kasallikning keng yoyilib ketishi

Bunda ham madaniy faktorlar yana katta sahnaga chiqadi. Gap shundaki, genuyalik savdogarlar Qrimda bir nechta qishloqlarga ega bo‘lgan. Ular nafaqat sharob, bug‘doy va boshqa mahsulotlar, yana qullar bilan ham savdo qilgan. Bu yerda mo‘g‘ul o‘g‘il-qizlarining savdosi chaqqon bo‘lgan. Bundan xabar topgan mo‘g‘ul xoni Jonibekxonga o‘z navbatida bu holat yoqmaydi. Shuning uchun u bezbet yevropaliklarni aqlini kiritib qo‘yish maqsadida ularning Kaffa shahrini qamal qiladi. Qamal davomida Jonibekxonning oldida bir qator muammolar paydo bo‘la boshlaydi.

Birinchidan, genuyaliklarning juda kuchli floti bor edi. Ikkinchidan, qal’alarining devorlari juda baland va mo‘g‘ullarda jiddiyroq qamal qurollari yo‘q edi. Bundan tashqari, xonning qo‘shinlari ichida qora o‘lat kasalligi avjiga chiqa boshlaydi. Jonibekxonda hamma narsani tashlab ortga qaytish imkoni yo‘q edi, chunki obro‘si o‘rtaga tikilgandi. Shunda u g‘alati bir ishga qo‘l uradi. O‘z askarlari ichida qora o‘latdan o‘lganlarning hammasini palaxmonlarga ortib, o‘liklarni yevropaliklarning qal’asi ichiga otishni buyuradi. Qamalni to‘xtatib ortga qaytadi.

Rostini aytganda, mo‘g‘ullarda tabobat uncha rivojlanmagan edi. Qal’a ichiga otilgan o‘liklar birmuncha vaqt davomida chirib yotgan, keyin ularni ko‘mib yuborishgan. Lekin allaqachon kech bo‘lib ulgurgan edi... Bir necha kunlardan keyin yevropaliklar orasida kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘la boshlaydi. Bir necha haftalardan keyin esa ajal sharpasi butun shaharni kezib yurardi. Aholi bu la’nati shahardan qochishga tushadi. Kemalarda jonajon Yevropa sari talpinishardi. Ammo ular o‘zlari bilan o‘lim sharpasin birga olib ketishayotganlarini bilmasdi. 1347-yilning oktabr oyida birinchi guruhdagi odamlar Sitsiliya orolining Messina portiga kelib tushadi.

O‘latning Yevropaga safari

Shu yerda tarixchilarning ma’lumotlari bir-biridan farq qiladi. Ayrimlari 12 ta kema, boshqalari to‘rtta kema kelgani haqida yozadi. Lekin bu yerda eng muhimi shundaki, Qrimdan kemalarda ziravorlar va donlardan tashqari kasallangan odamlar ham kelgan edi. Butun Yevropani qamrab olgan Buyuk o‘lat epidemiyasining boshlanishi shunday ro‘y bergandi.

Mikelle de Piassi Messina shahridagi qora o‘lat haqida shunday yozadi: “Uylar o‘liklar bilan to‘lgan edi, hech kimni qarindoshi, oila a’zolar va hatto ruhoniylar ham u uylarga kirishga botinmas, ularni olib chiqib ko‘mib berishlari uchun go‘rkovlarga katta pullar va’da qilishar, uylar esa ichidagi bor boylig-u pullari bilan qulflanmagan holatda yotardi. Kimdir o‘lik chiqqan uyga kirmoqchi bo‘lsa, hech kim uning yo‘lini to‘smas edi”.

Foto: Wikipedia

Tez orada tirik qolgan genuyaliklarni shahardan haydab solishadi, lekin bu endi hech narsani o‘zgartira olmas edi. Epidemiya tezda butun Sitsiliyani qamrab olgandi. Tirik qolgan dengizchilar o‘z ona yurti Genuyaga bormoqchi bo‘ladi, ammo ularni Messina shahriga qora o‘lat olib kelishganini bilgan shahar hukumati kemalarni portga kirgazmay, olovli o‘qlar yordamida ularni dengizga qayta haydashni buyuradi. Bu o‘z navbatida Genuyada qora o‘lat tarqalishini vaqtinchalik oldini oladi.

1347-yil noyabr oyining boshlarida 20 ga yaqin qora o‘lat bilan kasallangan kemalar Adriatika va O‘rtayer dengizi qirg‘oqlarida, to‘xtaganki portlarida kasallik tarqatib izg‘ib yuradi. Genuya eskadrasining bir qismi Marsel shahrida qo‘nim topadi. Natijada Fransiyaning bu mehmondo‘st shahriga qora o‘lat kirib keladi. Genuyaliklarni bu yerdan ham haydashadi, ammo kech edi.

Marsel shahrining teng yarmi qirilib ketadi. Bu yerdan qora o‘lat Fransiyaning janubiga, keyin esa shimoliga “sayohat” qiladi. Uning harakati juda tez edi. “Bu o‘limga olib keluvchi kasallikning paydo bo‘lish sababi 1345-yil 20-mart kuni Mars, Yupiter va Saturn sayyoralarining Qovg‘a yulduzi ostida uch karra bir-biriga bog‘lanishi edi”, deb yozilgan edi o‘sha davr tabiblari qaydnomalarida.

Kasallikka qarshi kurash

Tabiblar odamlarga kasallikdan saqlanish uchun go‘yoki Mars sayyorasidan kelayotgan nurni kuchsizlantirish uchun qizil ko‘zoynak taqib yurishni maslahat bergan. Yana xonani tez-tez shamollatishni tavsiya qilishgan, chunki sayyoralardan havo orqali kasallik tarqayapti deb hisoblashgan. Ha, tabobat u davrlarda g‘arbda shunaqa primitiv edi.

Yana tabiblar faqatgina jamoat hojatxonalariga borishni tavsiya qilgan. Sabab oddiy. Bunday hojatxonalarning qo‘lansa hidi kasallikni qo‘rqitar emish. Qora o‘latni davolovchi (davolamoqchi bo‘lgan) tabiblarning o‘ziga xos niqobi bo‘lar edi. Bu niqob qushning tumshug‘i shaklida qilingan. Uning ichiga har xil giyohlar va sarimsoq piyoz solingan.

Yillar o‘tib ilm-fan taraqqiy etgach, zamonaviy olimlar aniqlashdiki, qora o‘lat kasalligini Yersinia pestis deb nomlangan bakteriya qo‘zg‘atadi. “Balg‘amda bu vabo bakteriyasi 10 kungacha yashashi mumkin. Bu kasallikdan o‘lgan insonlar va hayvonlarning tanalarida kasallik erta kuzdan bahorgacha yashashi mumkin. Past harorat, muzlatish va eritish kasallik qo‘zg‘ovchi bakteriyani yo‘q qila olmaydi. Yuqori harorat, issiq havo va quritish bakteriyani yo‘qotishi mumkin. 60 gradusgacha qizdirish mikroorganizmni bir soat ichida yo‘qotsa, 100 gradusgacha qizdirish bir necha daqiqada yo‘q qilishi mumkin”.

Foto: Wikipedia

Tabiblar, albatta, davolashni chin dilidan xohlashgan, lekin ular shaharma-shahar o‘z tanalari va kiyimlarida kasallikni olib yurib, aksincha, uni kengroq tarqashiga ko‘proq hissa qo‘shishgan. Ularning bu qo‘rqinchli niqoblari esa o‘latning eng xavfli ko‘rinishi, o‘pkani egallashining oldini olgan xolos. Ammo u davrlarda g‘arbliklar gigiyena haqida umuman o‘ylamas edi. Kalamush va burgalar ularda doimiy mehmon, shunchaki uy hayvoni edi. Aynan shular asosiy o‘lim tashuvchilari edi. Qora o‘latni tabiiy tarqatuvchisi zimmasini janubiy kalamush burgasi o‘z zimmasiga olgan. Bu burga kasal hayvon yoki insonni chaqishi bilan bakteriyani o‘ziga yuqtirib oladi.

Zararlanish mexanizmi esa shunday: kasallangan burganing oshqozonida qora o‘lat bakteriyalari shu darajada ko‘payib ketadiki, xuddi qopqoq kabi burganing qizilo‘ngachini to‘sib qo‘yadi. Bu esa o‘z navbatida insonni chaqib qonini so‘ra olmayotgan burgani, o‘sha bakteriyalarni inson terisidagi o‘zi ochib olgan yaraga qusib tashlashiga olib keladi. Bundan tashqari, qon so‘rishi qiyinlashgan burga o‘z ochligini qondira olmasdan ko‘proq chaqa boshlaydi.

Janubiy kalamush burgasi yemishsiz olti haftagacha yashashi mumkin. Insonni kiyimiga yoki sumkasiga joylashib olib ham birga sayohat qilishi, boshqa shaharda paydo bo‘lgan burga o‘ziga yangi “xo‘jayin” topishi mumkin. Epidemiya esa sutkasiga to‘rt kilometr tezlikda tarqab, butun Yevropaga urush e’lon qildi. Burganing yagona xo‘jayini bo‘lmish kalamush ham anoyilardan emasdi. Chidamli va chaqqon bo‘lgan bu jonzot kemalarda tinmay sayohat qilardi.

Natijada yana bir muhim holat: kasallangan kalamushlar tashrif buyurgan shaharlardagi kalamushlar bilan tezda til topishib ketar va o‘zlaridagi parazitlar bilan mehmon qilardi. Go‘yoki estafeta tayoqchasini topshirganday. Shunday qilib, qora o‘lat butun g‘arb dunyosini egalladi. Afrika shimolidan tortib Islandiya va Rossiyagacha. Ushbu katta hudud aholisining uchdan bir qismi qirilib ketdi. Bu 20 million odam degani. Ayrim qishloq va shahar aholisi esa butunlay qirilib bitdi. Hammasidan ko‘p yopiq joylar ko‘proq zarar ko‘rdi, masalan, cherkov va monastirlar. Bitta odam kasallansa bo‘ldi, tez orada hamma o‘ladi. Chunki o‘sha davrlarda o‘lat 99 foiz holatda o‘lim bilan yakunlanardi.

Bilimsizlik va ahmoqlik tiz cho‘ktirgan Yevropa

O‘lim darajasi shu darajada yuqori va insoniyat bilim darajasi shu darajada past ediki, kasallikning kelib chiqishi faqat fantastik hodisalar bilan bog‘lanardi. Natijada Yevropada butun boshli flagelantlar sektalari paydo bo‘la boshladi. Ular guruh bo‘lib shaharlar bo‘ylab izg‘ib yurishar va o‘zlarini uchiga temir bog‘langan qamchilar bilan urishar edi. Shunday qilib ular Xudo oldida butun dunyo gunohlarini yuvishga harakat qilishardi.

Foto: Wikipedia

Aslida kasallikni yanayam uzoqlarga tarqatishardi. Qora o‘latga qarshi dori yo‘q edi. Tabiblar tanadan qon chiqarishardi, tanadagi porsildoq yaralarni yorishar, kiyik shoxidan kukunlar surtishardi. Boy mijozlarga esa maydalangan dur yoki maydalangan zumrad toshini ichirishardi. Bunaqa dorining narxi kasallikni qo‘rqitib yuboradi deb o‘ylashgandir, balki. Bundan tashqari, odamlar pushtirang suvda yuvinishar, xonalarni shamollatar, xushbo‘y anbarlar surtishardi. Lekin hech narsa yordam bermasdi.

Faqat olov yordam berdi. Skandinavlar “Qora xonim” deb nomlagan bu kasallikka qarshi olovdan kuchli dori yo‘q edi. Birinchi marta bu qarorga Milan arxiyepiskopi Jovanni Viskonti kelgan. U hamma kasal chiqqan uylarni kasallari bilan ustidan qulflab yoqib yuborishni buyurgan. Hamma qora o‘latdan o‘lganlarni umumiy qabrga ko‘mib, ustidan ohak tashlashgan. Balki, aynan shu sabablarga ko‘ra Milan shahri epidemiyadan deyarli omon chiqqandir.

Ilm-fan ravnaqiga hissa qo‘shgan kasallik

Qora o‘lat besh yil davomida o‘z ajal o‘yinini o‘ynadi. Ba’zan yo‘qolar, lekin hamisha qaytar edi. Natija esa bo‘shab qolgan qishloqlar, sukunat qariga cho‘mgan shaharlar... Omon qolganlar o‘zlarini tanlanganlar deb his qila boshlagan. Kasallikni yengish maqsadida hukmdorlar ilm-fanga ko‘proq e’tibor qaratgan, yangi-yangi universitetlar ochilgan, ularga katta mablag‘lar ajratilgan.

Shunday qilib, tibbiyot traktatlari boshqa tillardan o‘girildi, ko‘p ilmiy izlanishlar qilindi. Savodsiz O‘rta asr tirik qolish maqsadida o‘qiy boshladi. Atrofidagi olamni o‘rgandi, qadimiy qo‘l yozmalar zamonaviy tillarga o‘girildi, o‘qib o‘rganildi. Oqibatda yangi davr — Uyg‘onish davri boshlandi. Hammasiga sabab esa shunchaki Golfstrim oqimining o‘zgarishi va cho‘ldagi kemiruvchilarning hayot sharoiti yomonlashishi edi xolos...

Nurbek Alimov tayyorladi.